Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Kasbi tuman IIB xodimlari va fermer o‘rtasidagi tortishuv hamda tuman IIB boshlig‘i tomonidan fermerlarning avtobusga qamab qo‘yilgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Hodisa to‘g‘risida «Ozodlik» va Daryo.uz xabar qildi.

16 iyul kuni taxminan 10:30 da yozib olingan birinchi videoda bir necha IIB xodimlari «Novot Niyoz» fermer xo‘jaligi rahbari Akrom Novotov bilan suhbatda nima uchun yerdan samarali foydalanish bo‘yicha dala seminariga bormagani (soat 6:00 da o‘tkazilgan) haqida so‘raydi. Fermer ertalab dalada boshqa ish qilayotgani, shu sababli seminarga ish boshqaruvchisini jo‘natganini aytadi.

Xodimlar bu ishlarni seminardan keyin qilsa bo‘lmaydimi, deb so‘raydi. Fermer xo‘jaligi rahbari esa kapalak qo‘yish ishini ertalabki salqinda bajarish lozimligini aytadi. IIB vakillari seminarda qatnashish — viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyevning topshirig‘i ekani, fermer unda qatnasha olmasa, tuman IIB boshlig‘i Chori Ko‘charovdan ruxsat so‘rashi kerakligini ma’lum qiladi.

Daryo.uz nashrining aniqlashicha, bir yil muqaddam Akrom Novotov o‘zini haqorat qilgani uchun IIB boshlig‘i ustidan prezident qabulxonasiga shikoyat yo‘llagan. Shundan buyon Chori Ko‘charov unga nisbatan adovat saqlaydi, deb hisoblaydi fermer xo‘jaligi rahbari.

Ma’lum bo‘lishicha, Akrom Novotov rahbarligidagi fermer xo‘jaligi 2003 yil tashkil etilgan bo‘lib, 2016 yil chorvachilik yo‘nalishi ham qo‘shilib, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylantirilgan. Fermer davlatdan 117 ming AQSH dollari miqdorida kredit olib, Ukraina davlatidan 69 bosh qora mol keltirib, ko‘paytirgan. Ayni kunda fermerning qora mollari soni 150 boshdan oshgan.

Akrom Novotovning aytishicha, IIB boshlig‘ining unga nisbatan adovati sabab, 7 iyunda o‘rib olingan 9 tonna arpa ham tortib olingan.

«O‘tgan yili chorva mollarim uchun yil og‘ir keldi, yem-xashakdan qiynaldi, — deydi Akrom Novotov. — Shu boisdan ham chorva mollarim uchun arpa ham ekkandim. Ammo arpa topshirish bo‘yicha shartnoma qilinmagan. Arpa faqatgina qora mollarimga ozuqa sifatida ekilgandi. 7 iyun kuni MMTP raisidan kombayn so‘rab olib, 9 tonna arpamni o‘rib oldim. O‘sha yerda turgan IIB xodimlari arpani olib borib topshirishimni aytdi, men esa arpa bo‘yicha shartnomam yo‘qligini, arpani chorva mollarim uchun ekkanimni tushuntirdim. Tushunishgach, arpani olib kelib omborimga to‘kdim. Lekin o‘sha kuni kechasi IIB boshlig‘i o‘rinbosari kelib, meni IIB xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslikda ayblab, shu yerda xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlariga bu haqda dalolatnoma tuzishlari lozimligini aytdi. Meni esa Damas’da xuddi jinoyatchilardek, IIBga olib ketishdi. Kuni bilan hech qanday sababsiz olib o‘tirishdi. So‘ngra kechki payt barmoq izlarimni olib, tushuntirish xati yozib berishimni aytishdi. Yozib berdim. Qo‘yib yuborishdi»

Fermerning qo‘shimcha qilishicha, shu ish sabab tuman IIB fermerni sudga ham bergan. Ammo sud hujjatlar bilan tanishib chiqib, asos topolmagach, ishni 2 marta rad etgan.

Ikkinchi videoyozuvda muallif IIB xodimlari 50 daraja issiqda 10 nafardan ortiq fermer va mirobni avtobus ichiga qamab qo‘yganini aytadi.

Daryo.uz nashrining qayd etishicha, hodisa 14 iyul kuni bo‘lib o‘tgan. Qo‘liga kishan solinib, avtobusga qamab qo‘yilgan miroblardan biri Zoirjon Nabiyevning ma’lum qilishicha, hudud aslida tuman hokimi sektori hisoblanadi. Hokim vaqtincha yo‘qligi sabab seminarni IIB boshlig‘i Chori Ko‘charov olib borgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, seminarda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassislar kelib, fermerlarga yer bilan ishlash sirlarini o‘rgatishi kerak bo‘lgan. Ammo birinchi seminarga IIB boshlig‘i 20 nafar militsiya xodimi bilan kelgan.

«IIB boshlig‘ining 14 iyuldagi birinchi seminarida esa ish fermerlar qo‘liga kishan taqishdan boshlandi, — deydi Zoir Nabiyev. — Men „Chillabuloq“ kanali rahbari bo‘lganim uchun, IIB boshlig‘i menga dublikat suv quygansan degan ayb qo‘ydi. Aslida chekka hududda joylashgan „Manzura Hamroyeva“ fermer xo‘jaligiga bir marta suv quyganimizda oxirigacha yetib bormagach, yerni sug‘orish yakunlanishi uchun takroriy suv quydik. Yer sug‘orilgach, oxirigacha suv yetib bormasa, foydasi yo‘q-ku. IIB boshlig‘i esa menga suvni behuda sarflading, dublikat quyding deyapti».

Zoir Nabiyevning tasdiqlashicha, shu kuni IIB boshlig‘ining birinchi seminarida 2 nafar suvchi va 9 nafar fermer xo‘jaligi ishchi xodimlarining qo‘liga kishan taqilib, avtobusga qamalgan. Va seminar tugaguncha avtobusda olib o‘tirilib, so‘ngra tuman IIBga olib ketilgan. IIB hovlisida kechgacha sababsiz olib qolinib, so‘ngra tushuntirish xati olingach, qo‘yib yuborilgan.

«Xo‘p, agar aybdor bo‘lsak, jarima belgilashsin edi. Nega endi qo‘limizga kishan taqishadi? Qo‘lga kishan taqadigan ish qilmadik hali. Qizig‘i, 20 nafar xodim vaqtining behuda sarflanishi, avtobus va harakatlanishi ko‘p yoqilg‘i talab qiluvchi «zekovoz"ning xarajati kimning zimmasiga tushar ekan endi?» — deydi u.

Fermer Akrom Novotov 40−45 yildan beri dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelayotganini, bu borada yaxshi mutaxassis ekanligini aytib, fermerlarga yer bilan tillashish haqida seminar o‘tayotgan tuman IIB boshlig‘ining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha bilimiga shubha qilmoqda.

«Gazeta.uz» Kasbi tuman ichki ishlar bo‘limiga so‘rov yubordi, biroq hozircha javob olgani yo‘q. O‘zbekiston IIV vakili dastlab hodisa yuzasidan ushbu ma’lumotlarni e’lon qilgan nashrga murojaat qilish lozimligini ma’lum qilib, so‘ngra hodisada IIO xodimlari qatnashgan bo‘lsa, vaziyat o‘rganilishini qayd etdi.