20 iyul kechasi. 02:50. Toshkentdagi FIFTY tungi klubida diskoteka davom etmoqda. Bas ovozlari butun mavzega taralmoqda. 102 raqamiga qilingan ko‘ng‘iroq bo‘yicha Mirobod tumani OVD-2 xodimlari Sattorov va Abduraxmonov yetib keldi. Ehtimol, birinchisining familiyasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin. U xizmat guvohnomasini taqdim etmadi. Hatto kechroq, uchastkada Abduraxmonov o‘zining shaxsni tasdiqlovchi xujjatini ko‘rsatganda, u «mening ismim Abdullayev», deydi.

Xodimlar huquqbuzarlikni bartaraf etishlarini kutib turibman. Jarima yozishadi. Musiqa to‘xtaydi. Biroq buning o‘rniga meni haqorat qilayotgan klub xodimlari ko‘z oldida Abduraxmonov kuch ishlatib mening telefonimini olib ko‘ydi va cho‘ntagiga soldi. Sattorov esa mashinaga o‘tirib, uchastkaga borishga buyuradi. Uchastkaga kelgandan so‘ng u choralar ko‘rilgani haqidagi qog‘ozga qo‘l qo‘yishimni talab qiladi. Haqoratli so‘zlar bilan so‘kinadi. Eshiklarni qattiq yopadi. Astoydil talablardan so‘ng qo‘yib yuboradi va uchastkadan noma’lum tarafga jo‘nab ketadi.

102 yana to‘rt ko‘ng‘iroq. Endi hech kim kelmaydi. 04:30. Diskoteka davom etadi.

Bu bir debocha edi. 2018 yil avgust oyida barchamiz birgalikda restoratorlar, shahar aholisi va mehmonlarining tungi hayotga bo‘lgan huquqlarini himoya qilib chiqqanimizni xotirlasangiz kerak. O‘shanda barcha muassasalar og‘zaki topshiriq bo‘yicha soat 23:00 da majburiy yopilar edi. Fuqarolik jamiyatining umumiy harakatlari bilan bu muammoga e’tiborni jalb etishga muvaffaq bo‘ldik va tungi hayot yana yashnab ketdi.

Lekin hamma tadbirkorlar ham mas’uliyatli biznes, qonun va atrofdigilarga bo‘lgan hurmat nimaligini tushunavermaydi. Ayrimlari qonunlarni istagancha buzsa bo‘ladi deb, o‘ylaydi. Bunday vaziyatda davlat fuqarolari tomonida turib, qonunni himoya qilishi darkor. Biroq u bu ishni qilmaydi.

Bar va klublar erkinlikka erishdi, biroq haddan ziyod erkinlikka. Ular uchun faoliyat chegaralarini aniq va qat’iy aniqlash o‘rniga, xohlaganlarini qilishga ruxsat berildi."Tadbirkorlar tegilmasin degan yashirin buyrug‘imiz bor", degan iborani men SES xodimlaridan ham, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan ham eshitdim.

Ayni paytda tungi vaqtlarda ishlaydigan muassalarning ishlash qoidalari 2019 yilning fevraligacha ishlab chiqilishi kerak edi. Bu haqda senatorlar 3 may kuni ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga parlament yuqori palatasining 19-yalpi majlisida eslatdilar. Bunday talab 2019 yilgi Davlat dasturining 39- bobidan ham o‘rin olgan edi. Qoidalar esa hanuzgacha yo‘q.

Shahrisabz ko‘chasidagi sobiq Fashion Bar binosiga joylashgan FIFTY bari bilan bog‘liq voqealar 2018 yilning 13 oktyabr kuni boshlangan. Fashion Bar Brasserie MCHJ tadbirkorlari bu yerda bar tashkil etishni qaror qildilar, uning konsepsiyasida haftada besh marotaba, soat 00dan 05:00 gacha mashhur didjeylar o‘tkazadigan diskotekalar bor edi. Nihoyatda zo‘r g‘oya. Lekin tovush izolyatsiyasi to‘g‘risida hatto o‘ylashmagan ekan.

FIFTY barining diskotekalar o‘tkazish jadvali. Barning Instagram sahifasidan skrinshot.

FIFTY bar egalari tovushni kuchaytirish apparaturasi o‘rnatilgan xonani faqat oyna devor bilan berkitganlar. Oyna esa tovushni juda yomon ushlab qoladi. Va, natijada, bar boshqaruvchisi Igor Paxar qo‘ygan musiqani butun mavze eshitishga majbur. «Menga tovush toza bo‘lishi muhim», dedi Igor SES mutaxassislari 9 yil kuni o‘lchovlar o‘tkazayotganlarida. O‘lchovlar klub ichidagi ovoz balandligi belgilangan me’yordan 40 detsibellga oshirilganini ko‘rsatdi. Lekin bu ham hech narsani o‘zgartirmadi.

Bar boshliqlari bilan tinchlik yo‘li bilan olib borilgan suhbat samara bermadi. Hatto mart oyidagi shaxsiy uchrashuv paytida barning haqiqiy egasi binoning bar uchun mo‘ljallanmaganini tan olgandan keyin ham. Shovqindan izolyatsiya yo‘qligini tan olgan bo‘lsa ham. Diskotekalarni to‘xtatib, remont qilishga va’da bergan bo‘lsa ham. Hech narsa o‘zgarmadi. «Hozir pul yo‘q», deydi bardagilar. Diskotekalarni to‘xtatish xohishi ham yo‘q, chunki bu o‘sha pul-da.

Bu sharoitda huquqni muhofaza qilish organlari mahalliy aholining tomonida turib, qonun va tartibni himoya qilishlari kerak emasmi? Chunki Ma’muriy kodeksning «Maishiy shovqin bilan kurash talablarini buzish», deb nomlangan 192- moddasi mavjud. Unda fuqarolarning tungi soat 23:00dan soat 06:00 gacha dam olish huquqini buzganlik uchun qanday jarimalar qo‘yilishi aniq ko‘rsatilgan.

Lekin bu muammoni yechishga ularning kuchi yetmas ekan. Yoxud xohishlar yo‘q. Eng katta muvaffaqiyat — bir necha shtraflar yozildi. Biroq ularning miqdori nihoyat past — eng kam ish haqining uchdan biri. Xodimlar hatto qonunbuzarlikni to‘xtatolmaydilar — ular kelganlarida ham musiqa o‘chirilmaydi, ozgina pasaytiriladi xolos. Ketganlaridan keyin esa — ovoz balandligi joyiga qaytariladi.

Eng muhimi — xodimlar muammoni umuman hal qila olmaydilar. Jamoat tartibi har kuni tizimli ravishda buzilayotganini. Profilaktika ishlarining mazmun-mohiyati shunda emasmi axir? Yoki ularda qandaydir shaxsiy manfaat bormikan?

IIB-2 inspektorlarining chora ko‘rmayotgani to‘g‘risida huquqni muhofaza qilish organlariga, shahar IIBB, IIVga yuborilgan ko‘p sonli murojaatlar, jamoaviy shikoyatlar, hech qanday natijaga olib kelmadi. Hech narsa o‘zgarmadi. SESga berilgan shikoyat asosida 9 iyul kuni tekshiruv o‘tkazildi va bar ichida sanitariya normalari 40 detsibelga ortiq chiqib, buzilganligi tasdiqlandi. Bu ham hech narsani o‘zgartirmadi.

Muallifning turli idoralardan olgan javoblari. Birortasi ham hech narsani o‘zgartirmadi.

Mirobod tumani hokimi Shuhrat Po‘latov 8 iyul kuni «Ushbu barning jamoat tartibiga rioya qilishi va sanitariya normalarida ko‘rsatilgan shovqin darajasini oshirmasigi Mirobod tumani IIBning IIB-2 xodimlari tomonidan nazoratga olindi», degan xabar berdi.

Bu rost bo‘lganida nur ustiga a’lo bo‘lar edi. Lekin, hozircha, Ma’muriy kodeksning 192 moddasining kundalik buzilishini «bar faoliyati ustidan nazorat» deyishga til bormaydi.

102 xizmati faoliyatiga alohida to‘xtab o‘tishni xohlar edim. Yaqinda shahar IIBB chaqiruvga bo‘lgan tezkorlik 5−7 daqiqa degan xabar tarqatdi. Bu rost, naryad tez yetib kelmoqda. Lekin kelib, hech qanday chora ko‘rmasdan ketishi mumkin. Keyingi chaqiruvlarga, telefonda «qattiq nazoratga olinadi» desa ham, umuman kelmaydi.

20 iyul kuni muallif tomonidan 102 xizmatiga qilingan telefon murojaatlari ro‘yxati. Birortasi ham qonunbuzarlikni to‘xtatmadi.

Endi, men nima uchun ko‘p fuqarolar 102 tefon qilishga qo‘rqishlarini anglab yetdim. Misol uchun, qo‘shnilarim. Chunki hamma narsa teskarisiga aylanib, sizga qarshi bo‘lib chiqishi mumkin. Telefon qilishdan oldin bir necha marotaba yaxshilab o‘ylang. Natija kichik bo‘lib, o‘zingiz uchastkaga tushib qolishingiz hech gap emas.

Bizning shahrimizda andishali, ongli biznesmenlar borligi quvontiradi. Mirobod tumani SES xodimi,FIFTYdan uzoq bo‘lmagan restoran egasi aholining birinchi shikoyatidan so‘ng xonalarini tovushini izolyatsiya qilib, restoran sizlarga endi halaqit qilmayaptimi deb, shaxsan o‘zi aholidan so‘rab chiqqan. Insof, vijdon — kamdan-kam uchraydigan fazilatlar bo‘lib qoldi. Ongli, halol insonlar doimo kamchilik bo‘lsa kerak.

Toshkentda kechasi bilan ishlab chiqadigan muassasalar bo‘lishi shart. Lekin ularning ishlash tartiblari qat’iy bo‘lishi shart. Tartibot — klub mijozlarining ham, atrofida yashaydigan aholining ham baxti kafolati.

P. S. Qiziqarli fakt. O‘z huquqlarimni himoya qilib shikoyatlarimni yuborgan har bir idorada, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ham menga doim bitta savol berishdi: «Bu barning „tankasi“ kim ekan o‘zi?» Bu aniq jinoyatga ishora etuvchi savolga javob bugungi kunda Toshkentda huquqiy tartibotni o‘rnatish uchun asos, deb tushunaman. Bu esa ko‘ngilni nihoyat g‘ash qiladi.