Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab internatida (RIOZMI) O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasiga qarashli yangi sport bazasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi bazaning ochilish marosimida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov, Butunjaxon etnosport Konfederatsiyasi prezidenti Najmiddin Bilol Erdog‘an va keng sport jamoatchiligi ishtirok etdi.

Baza 2 qavatli bino hamda mashg‘ulot maydonidan iborat. Maydonda merganlar jahon standartlari asosida 70 metr va boshqa masofalarga mashg‘ulot olib borish imkoniyatiga ega. Binoning birinchi qavati O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi ofisi sifatida faoliyat ko‘rsatsa, ikkinchi qavati yotoqxonadan iborat.

Turkiyadan tashrif buyurgan martabali mehmonlar kun davomida shuningdek, poytaxtda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning imkoniyatlari, faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Ularga o‘zbek xalqining buyuk tarixi va boy madaniy merosi xaqida hikoya qilib berildi.

2 oydan so‘ng «Ochiq osmon ostidagi muzey» nomi bilan jahonga tanilgan Xiva shahrining Ichan qal’a majmuasida Xalqaro maqomdagi Milliy etnosport festivali o‘tkaziladi. Bugun mehmonlar ushbu tadbirga olib borilayotgan tayyorgarlikni ko‘zdan kechirib, uning doirasida tashkil etiladigan matbuot-anjumanida ham ishtirok etishadi.