O‘zbekistonda yengil avtomobillar uchun «Yevro-6» standartidagi dvigatellarni ishlab chiqarish boshlanadi, deya xabar qildi «O‘zavtosanoat» raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov «O‘zbekiston 24» telekanalining «Yangiliklar 24» dasturiga bergan intervyusida.

18 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan qarorda «O‘zavtosanoat"ga 31 dekabrgacha Amerikaning General Motors kompaniyasi bilan 2019−2022 yillarda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar bo‘yicha muzokaralarni yakunlash va shartnoma imzolash topshirilgan.

Hujjatda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xorijiy banklar, eksport-kredit agentliklari, shuningdek, investitsiya kompaniyalari va jamg‘armalarning mablag‘lari hisobiga eng qulay shartlarda kamida 700 million AQSH dollarini jalb etish ko‘zda tutilgan.

Ushbu loyihalar qatoridan yangi turdagi dvigatellarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ham o‘rin olgan. Azizbek Shukurovning so‘zlariga ko‘ra, bu «Yevro-6» standartiga javob beruvchi CSS Prime turiga mansub dvigatel bo‘ladi. Loyihani 2021−2022 yillarda amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

«Birinchidan, bu bizga bir qator eksport bozorlariga chiqishimizga xizmat qiladi. Ikkinchidan, ular — samarali va tejamkor dvigatellar. Ushbu dvigatellar bazasidagi yangi modellarimiz sarflanayotgan yoqilg‘i xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi», — dedi u.

«O‘zavtosanoat» raisi o‘rinbosari kuzovlar, plastik detallar, interer va eksterer qismlarini mahalliylashtirish bo‘yicha 12 ta loyiha tasdiqlanganini ma’lum qildi.

Bu «O‘zavtosanot» tuzilmasidagi korxonalarga boshqa mamlakatlarga ham ehtiyot qismlar va butlovchi detallarni eksport qilishni yo‘lga qo‘yishga imkoniyat yaratadi. Bugun O‘zbekistonda avtomobil ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish bo‘yicha 30 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

«Namangan viloyatidagi „UzChasis“ o‘zbek-koreys qo‘shma korxonasi Rossiyaning „UzChasis“ ishlab chiqaruvchisining uchta avtomobil modeli uchun chiroqlar eksportini boshlab yuborgan», — dedi kompaniya raisi o‘rinbosari.

2011 yilning noyabrida Toshkentda avtomobil dvigatellarini ishlab chiqarish bo‘yicha GM Powertrain-Uzbekistan zavodi ochilgan edi.