13 iyul kuni taxminan 11:30 da Shayxontohur tumanida o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar berdi Toshkent IIBB matbuot xizmati.

Ko‘ksaroy ko‘chasida 58 yoshli haydovchi Xusniddin X. boshqaruvidagi Captiva avtomobili piyodani urib yubordi. YTH natijasida 9 yoshli Muslima tan jarohatlari olib, hodisa joyida hayotdan ko‘z yumdi. Hodisaga qizaloqning yo‘lning harakatlanish qismiga to‘satdan yugurib chiqqani sabab bo‘lgan. Haydovchi to‘qnashuvning oldini olishning uddasidan chiqa olmagan, deyiladi xabarda.

Ushbu hodisa munosabati bilan IIBB YHXB xodimlari Shayxontohur tuman Ibn Sino-1 mavzesi aholisi bilan suhbat o‘tkazdi. Ularga voyaga yetmaganlar bilan tushuntirish ishlarini olib borishning ahamiyati eslatilib, bolalarga yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslik hayot uchun xavfli ekanini tez-tez eslatib turish lozimligi ta’kidlandi.

Shu haftaning o‘zida bolalar ishtirokidagi yana bir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan edi. Sergeli tumanida Matiz haydovchisi Bahrom X. yo‘lga yugurib chiqqan besh yoshli bola R. S.ni urib yubordi. Bola jiddiy tan jarohatlari oldi.