Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qaror bilan neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika ishchi komissiyasi tuzildi.

Komissiya uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish, gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish choralarini ko‘radi.

Energetika vazirligida neft-gaz tarmog‘ini isloh qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil qilinadi.

Qaror bilan «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi tizimi takomillashtirilib, samarali tashkiliy tuzilmasi shakllantirildi.

Unga ko‘ra, «O‘ztransgaz» AJ «O‘zbekneftgaz» AJ tarkibidan chiqarildi.

«O‘ztransgaz» AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazildi va uning hududiy filiallari negizida «Hududgazta’minot» AJ tashkil qilindi.

«O‘zneftmahsulot» AJ ning fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi 1 381 ta avtomobilga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tadbirkorlarga auksion orqali sotiladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tarkibidagi tashkilotlarning 13 ta bozor, savdo va chorvachilik komplekslari ustav kapitalidagi ulushlari mahalliy hokimliklarga o‘tkazildi.

Qarorga muvofiq, «O‘zbekneftgaz» AJ 2024 yilga kelib uglevodorod xomashyosi, shu jumladan, tabiiy gaz qazib olish hajmini 42,3 mlrd metr kubga va suyultirilgan gazni 1,5 mln tonnaga yetkazishi lozim.

«O‘zbekneftgaz» AJ va «O‘ztransgaz"AJ tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:

2019 yil yakunidan moliyaviy hisobotlar xalqaro standartlarga muvofiq tuziladi va xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb qilib tashqi audit o‘tkaziladi;

2020 yil yakunidan Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (IFRS)ni qo‘llaydi va har chorakda moliyaviy hisobot e’lon qiladi.

2020 yil 1 iyulgacha:

respublika tashqarisiga bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun olib chiqilgan uskunalar ularni qayta olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno);

«O‘zbekneftgaz» AJ va uning tuzilmasidagi korxonalar amalga oshiradigan geologik qidiruv ishlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilindi.

2020−2022 yillarda O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish dasturi ishlab chiqiladi.