Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari Samarqand viloyatida dehqonlarni qutqarib qoldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar qildi.

3 iyul kuni 24 kishidan iborat guruh Zarafshon daryosining Toyloq tumani hududidadan o‘tgan qismidagi orolchaga to‘planadi. Ular ushbu hududga ekilgan piyoz dalasida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishga yig‘iladi.

Biroq kechasi daryoda suv sathi ko‘tarilib, dehqonlar hayoti xavf ostida qoladi. «Zarafshon» mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro 4 iyul kuni Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilib, hodisa to‘g‘risida xabar qiladi.

Voqea joyiga hudud FVB boshlig‘i rahbarligida qutqaruvchilar guruhi yetib keldi. 24 kishining barchasi tezkorlik bilan motorli qayiqda orolchadan sohilga yetkazildi. Qutqaruv operatsiyasi vaqtida hech kim jabrlanmadi, deya qayd etdi matbuot xizmati.