Toshkentning Yunusobod tumanida O‘zbekiston va Belorus o‘rtasidagi kelishuvlar doirasida karbopenemlar (antibiotiklar) ishlab chiqarish bo‘yicha ishlab chiqarish maydonchasini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida so‘z boradi.

Loyihada qayd etilishicha, belorus tomoni vakillari 2019 yil yanvarida yuridik shaxs — BELFARM MCHJ QK ochib, ishlab chiqarish bo‘yicha konseptual loyihani tayyorladi.

Hujjatda sarmoyador 6 yil davomida investitsion va ijtimoiy majburiyatlarni bajarishni o‘z zimmasiga oladi. Korxona eng kamida 10 mln dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyani jalb qilishi lozim.

Qo‘shma korxonada GMP ishonchli ishlab chiqarish amaliyoti qoidalari asosida sterilangan antibiotik kukuni (yiliga 10 mln flakon), qattiq dori shakllarini (yiliga 500 mln tabletka, 60 mln kapsula va 6 mln dan ortiq sashe) ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Loyiha doirasida 120 ta ish o‘rni tashkil etiladi.

Loyihani Toshkentning Yunusbod tumani Kichik halqa yo‘li va Bodomzor yo‘li (hozirgi Chingiz Aytmatov ko‘chasi) manzilidagi 14625 kv. m maydondagi bino va inshootlar, ularga tutash 2 gektarlik hududni investitsion va ijtimoiy majburiyatlar bilan nol qiymatda sotish yo‘li bilan amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Mazkur hudud Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi boshqaruvida.

Qayd etish joizki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 apreldagi «Farmatsevtika sohasining ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida (ochiq manbalarda mavjud emas) Yunusobod tumani Kichik halqa yo‘li va Bodomzor yo‘li ko‘chalari 37-uy manzilida joylashgan faoliyati tugatilgan «Vaksina» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining bakteriya preparatlari ishlab chiqarish korxonasi mol-mulklari hamda Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy tadqiqot institutining jami 15171 kv. m maydondagi bino va inshootlarini Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi boshqaruviga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida ko‘rsatib o‘tilgan manzilda Belfarm korxonasi ro‘yxatga olingan. Kompaniya rahbari sifatida Ikromjon Tadjibayevich Xasanov ko‘rsatilgan. Korxona ulushlari Farmsoft Solutions FZE (60%), Varanetski Baliaslau (20%) va Adamovich Uladzimir (20%) o‘rtasida taqsimlangan.

Hudud manzili hayvonlar qabristoni yaqinida joylashgani taxmin qilingani sababli Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati respublika markazi tomonidan faoliyati to‘xtatilgan «Molochnoya kuxnya» va Novopharma Plus kompaniyalari manziliga mos keladi.