Jahongir Usmonov «Ezgu maqsad» xalqaro xayriya jamoat jamg‘amasi boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlandi. Vasiylik kengashi a’zolari yig‘ilishida marhum senator Mirabror Usmonov o‘g‘lining nomzodi tasdiqlandi, deya xabar qildi tashkilot matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Jahongir Usmonov (1968 y. t.) Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan.

1995 yildan buyon ARDUS qo‘shma korxonasining bosh direktori hamda ILK PLYUS investorlar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi hisoblanadi. U «Ezgu maqsad» jamg‘armasi boshqaruvi tarkibidan ham o‘rin olgan.

Bundan tashqari, Jahongir Usmonov 10 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston Futzal assotsiatsiyasi vitse-prezidenti vazifasida ham faoliyat olib bordi, hozirda Osiyo futbol konfederatsiyasi qo‘mitasi a’zosi. Sport sohasidagi muvaffaqiyatlari uchun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy unvoniga loyiq ko‘rilgan.

«Ezgu maqsad» jamg‘armasi 2017 yilda aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish uchun tashkil etilgan. Aholining zaif qatlamlari salomatligini himoya qilish hamda yetim bolalarga yordam ko‘rsatish ham tashkilot vazifalaridan hisoblanadi.