26 iyun kuni Toshkentda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan olib qo‘yilgan bir tonnadan ziyod giyohvand moddalarning navbatdagi partiyasi yo‘q qilindi. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan tadbir Xalqaro narkotik moddalarni suiiste’mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga қар­ши kurash kuni munosabati bilan tashkil etildi.

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmatining xabar qilishicha, jami bo‘lib 1 tonna 27 kg 911 gr giyohvand moddalar, jumlada 7,7 kg geroin, 195,4 kg opiy, 56,1 kg gashish, 557,3 kg marixuana, 130,1 kg ko‘knor, 80,9 kg nasha, 263 gr sun’iy giyohvand moddalar, shuningdek ko‘p miqdordagi turli xil tabletka va eritma ko‘rinishidagi psixotrop va psixofaol moddalar yo‘q qilindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda giyohvand moddalar aylanmasi bilan bog‘liq 4779 ta jinoyat aniqlandi. Ulardan 1626 tasi narkotiklarni sotish, 171 tasi — kontrabanda, 1238 tasi — giyohvand moddalar saqlovchi o‘simliklarni ekish, 66 tasi — narkopriton saqlash va 1678 tasi — boshqa jinoyatlardan iborat.

2018 yilda 1,17 tonna giyohvand moddalar: geroin — 20,6 kg, opiy — 254,7 kg, gashish — 61,4 kg, marixuana — 600,8 kg, ko‘knor — 227 kg, tramadol — 7,5 kg, shuningdek 165,7 gr yangi psixofaol moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Afg‘onistonda giyohvand moddalarni ishlab chiqarish O‘zbekistondagi narkovaziyatga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omil bo‘lib qolmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2018 yilda ushbu mamlakatda giyohvand moddalar saqlovchi o‘simliklar ekilgan maydon 263 ming gektar, ishlab chiqarish hajmi esa 6400 tonnani tashkil etdi.

O‘tgan yili giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgani uchun 46 nafar chet el fuqarosi (Afg‘oniston, Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston, Armaniston, Fransiya, Italiya va Janubiy Koreyadan) qo‘lga olindi. Ulardan 190,6 kg giyohvand moddalar olib qo‘yildi.