Bugun, 26 iyun kuni Toshkent shahar sudi O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirov va boshqalar, jami 13 kishiga nisbatan ayblov hukmini e’lon qildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Oliy udi matbuot xizmati.

Sud hukmiga ko‘ra, 2000−2015 yillarda bosh prokuror lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Rashitjon Qodirov prokuratura organlari va boshqa huquqni muhofaza qilish organlaridagi yuqori lavozimli shaxslardan iborat jinoiy guruh bilan oldindan kelishgan holda bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan.

Ular orasida: Mirzayev M., Fayziyev J., Sunnatov U., Po‘latov R., Musashayxov A., Xurramov U., G‘oipov Yu., Mirzayev A., Mirzayeva M. hamda fuqarolar Qosimov S., Ikramov A., Ahmadjonov X. bor.

Pora olish (O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 210-modda 3-qism «a» bandi), pora berishga vositachilik qilish (JK 28, 211-moddasi 3-qism «a» bandi), firibgarlik (JK 168-modda 3-qism «a» bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-modda 3-qism), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JK 243-modda) kabi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Hokimiyat, boshqaruv organlari va jamoat birlashmalari faoliyati tartiblariga qarshi qaratilgan boshqa jinoyatlar ham sodir etilgan, deyiladi xabarda.

Qariyb olti oy davom etgan, Jinoyat-protsessual kodeksning 19-moddasi, shuningdek «Davlat sirlari to‘g‘risida"gi Qonuni talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, 200 ga yaqin guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.

Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun R. Kadirovga, JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, U. Sunnatov 19 yilga, A. Mirzayev 15 yilga, U. Xurramov 14 yilga, J. Fayziyev 13 yilga, L. Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Qolgan sudlanuvchilarga ham qilgan qilmishlariga yarasha qonun doirasida jazolar tayinlanib, ularning barchasi qo‘shimcha jazo tariqasida muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Bundan tashqari, sud og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan R. Kadirov, M. Mirzayev, A. Mirzayev, J. Fayziyev, U. Sunnatov, R. Pulatov, U. Xurramov, Yu. Gaipovni (JKning 52-moddasi) maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritishga qaror qildi.

Sudlanganlar aybli deb topilgan jinoyatlari oqibatida yetkazilgan moddiy zararlar, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida topshirilgan pul va xatlangan mol-mulklar hisobidan qoplanishi belgilandi.


Shuningdek, sud tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 298-moddasiga asosan, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish masalasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga xususiy ajrim chiqarildi.


Sud hukmi e’lon qilingach raislik etuvchi sud protsessi ishtirokchilariga hukmning mazmun-mohiyatini batafsil izohlab berib, shikoyat qilish muddatlari va tartibini tushuntirdi.