O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Tanzila Norboyeva Senat raisi etib saylandi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Senatorlarning 81 nafari Norboyevaning nomzodi uchun ovoz berdi. Ikki kishi betaraf qoldi, qarshi ovoz berganlar bo‘lmadi. Shunday qilib O‘zbekiston tarixida ilk bora ayol qishi Senatni boshqaradigan bo‘ldi.

Tanzila Norboyeva ToshDUni bitirgan (1981), pedagogika fanlari nomzodi. Bunga qadar bosh vazir o‘rnibosari — Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan. 2010 — 2016 yillarda Kasaba uyushmalari federatsiyasida rahbar bo‘lgan.

Norboyeva nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun Senat raisi o‘rinbosarlari Svetlana Ortiqova va Musa Yerniyazov, shuningdek, Andijon va Samarqand hokimlari so‘zga chiqdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyun kuni farmon bilan Tanzila Norboyevani senatorlikka tayinlaganini va uni parlament yuqori palatasi rahbarligiga tavsiya etganini bildirdi (prezident Senatning 16 a’zosini tayinlashi mumkin).

Davlat rahbarining aytishicha, Tanzila Norboyevani tayinlash o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Prezidentning aytishicha, bu ishga bir davomida tayyorgarlik ko‘rgan. Prezident o‘z chiqishida asosiy so‘zni ayollar muammosiga bag‘ishladi. Tanzila Norboyeva haqida gapirar ekan, Shavkat Mirziyoyev uning mas’uliyatli ekani, rostgo‘yligi va Vatanga muhabbatli ekanini bildirdi.