To‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya (tashqi sektor) hisobini yaxshilash doirasida 2019 yilning 31 mayidan 13 iyuniga qadar aholi orasida anonim tarzda so‘rovnoma o‘tkazildi. Bu haqda Markaziy bankning telegramdagi kanali orqali xabar berildi.

So‘rovnomani to‘ldirishda qulaylik yaratish hamda keng auditoriyani qamrab olish maqsadida, so‘rovnoma internet tarmog‘ida ijtimoiy tarmoqlar platformalari orqali tarqatildi.

So‘rovnoma uch qismga bo‘lingan bo‘lib, quyidagi mazmundagi savollarni o‘z ichiga olgan:

— chet el valyutasidagi jamg‘armalar to‘g‘risida;

— tijorat maqsadida O‘zbekistonga olib kirilgan va O‘zbekistondan olib chiqilgan tovarlar to‘g‘risida (mokkilik savdosi);

— chet eldan olinayotgan va/yoki ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordam to‘g‘risida.

So‘rovnomada jami 2165 nafar respondent ishtirok etdi.

So‘rovnoma natijalarining tahlili quyidagilarni ko‘rsatdi:

1) 54 foiz respondent (1170 kishi) chet el valyutasida jamg‘armalari mavjudgini ma’lum qilgan.

Aholining viloyatlar kesimidagi o‘rtacha daromadlarini hamda respondentlarning javoblarini inobatga olgan holda jamg‘armalarning o‘rtacha miqdori jon boshiga 1 134 dollar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shunday qilib, hisob-kitoblar hamda mehnatga layoqatli aholi soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida, chet el valyutasidagi jami jamg‘armalar summasi 10,2 mlrd. dollar miqdorida baholandi.

2) 1048 nafar respondent (48,4 foiz) chet elda bo‘lganligini, ulardan 107 nafari (10,2 foiz) esa tijorat maqsadida O‘zbekistondan tovar olib chiqqanligini bildirdi.

Umuman olganda, bir nafar respondent tomonidan xorijga tijorat maqsadida olib chiqilgan tovarlarning o‘rtacha qiymati 732 dollar miqdorida hisoblandi. 2019 yilning I choragi davomida O‘zbekistondan chet elga chiqqan rezidentlar soni 2,5 mln. kishiga tengligi hisobga olinsa, joriy yilning yanvar-mart oylarida tijorat maqsadida xorijga olib chiqilgan tovarlarning jami qiymati 187 mln. dollar miqdorida baholandi.

3) Chet elda bo‘lib qaytgan respondentlarning 235 nafari (22,4 foiz) O‘zbekistonga tijorat maqsadida tovarlar olib kirganligini ma’lum qilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir nafar respondent tomonidan o‘rtacha 873 dollar qiymatidagi mahsulotlar O‘zbekistonga tijorat maqsadida olib kirilganligini hamda 2019 yilning I choragi davomida O‘zbekistonga kirib kelgan rezidentlar soni 1,6 mln. kishiga tengligi inobatga olinsa, joriy yilning yanvar-mart oylarida tijorat maqsadida olib kirilgan mahsulotlarning jami qiymati 320 mln. dollar miqdorida hisoblandi.

4) 50 foiz respondentlar chet elda qarindoshi mavjudligini ko‘rsatib o‘tgan bo‘lsa, shulardan 59 foiz chet eldan moliyaviy yordam olishini, 16 foiz esa chet elda yashovchi qarindoshiga moliyaviy yordam ko‘rsatishini bildirdi.

Bir respondent tomonidan chet eldan olinayotgan moliyaviy yordamning o‘rtacha oylik miqdori 354 dollar, chet elga yuborilayotgan yordamning miqdori esa 262 dollar ekanligi ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra 2019 yilning 1 aprel holatiga 2,4 mln. fuqarolar chet elda ishlamoqda. Shu munosabat bilan, xoridjan kelib tushadigan va xorijdagi rezidentlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy yordamning o‘rtacha oylik summasi mos ravishda 496 mln. va 98 mln. dollar miqdorida baholandi.

Xulosa qilib aytganda, so‘rovnomaning chet el valyutasidagi jamg‘armalar, shuningdek, chet eldan olinadigan moliyaviy yordamning (joriy transfertlar) miqdori bo‘yicha natijalari, Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiyalari asosida Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladigan ekspert baholashlariga yaqin kelmoqda.

Biroq, mokkilik savdosi bo‘yicha so‘rovnoma natijalari asosida hisoblangan ko‘rsatkichlar ekspert baholashlari asosida hisoblanadigan ko‘rsatkichlardan o‘sish tomonga farq qildi.

To‘lov balansi hamda xalqaro investitsion pozitsiya ma’lumotlarini yaxshilash maqsadida, so‘rovnoma natijalari Xalqaro valyuta jamg‘armasining tashqi sektor statistikasi bo‘yicha navbatdagi missiyasi davomida muhokama qilinadi.

Markaziy bank so‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi va fuqarolarning keyingi so‘rovlarda faol ishtirok etishlarini kutib qoladi.