18 iyun kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Chirchiq shahrida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga qarashli «Nodir metallar va qattiq qotishmalar» bo‘yicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida «Ishlab chiqarishni rivojlantirishda innovatsion ilmiy-texnologik markazlarining roli va ahamiyati» mavzusidagi ilmiy amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Seminarda Innovatsion rivojlanish vazirligi va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mutasaddilari, ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlari, mutaxassislari qatnashdilar. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

— Korxonamiz oldiga Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlarining chiqindilari tarkibidagi nodir metallarni ajratib olish vazifasi qo‘yilgan, — dedi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bosh muhandisining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari. — Hozirda mana shu ikki yirik korxona faoliyati davomida yig‘ilib qolgan 1,5 milliard tonna, ularda 20 xil nodir metall borligini bilamiz. Rudiy, palladiy, indiy, rutin kabi nodir metallarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda Ilmiy-texnologik markaz olimlari, mutaxassislari tadqiqotlar olib borishadi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun 10 nafar mutaxassisimizning Koreyada bilimlarini oshirish uchun ta’lim olishlari rejalashtirilgan.

Nodir metallar televizor, mobil telefonlar, kompyuter ishlab chiqarishda zarurdir. Nodir metallar shu jihozlarni yaratishda juda kam miqdorda ishlatiladi, ammo ular o‘z nomiga yarasha — nodir bo‘lgani uchun ham tabiatda kam uchraydi. Bir tonna rudadan 100 gramm nodir metall olinadi, shuning uchun ham nodir metallar ko‘p miqdorda olinadigan metallarning qoldiqlaridan ajratib olinadi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov kombinat olimlarning tadqiqotlari natijalarini amalda sinash uchun katta poligon ekanini aytib, vazirlik ishlab chiqarishga innovatsiyalarni joriy qilish, ilmiy-texnik loyihalarni shakllantirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

— Ishlab chiqarish va ilm-fan muassasalarining tandemisiz innovatsiyani tasavvur etib bo‘lmaydi, — dedi vazir. — Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 10 kishini Koreyada o‘qib kelishini ta’minlagan bo‘lsa, biz sizlarning yana 10 nafar mutaxassislaringizni dunyoning boshqa rivojlangan davlatlarining yetakchi universitetlari, ilmiy-tadqiqot markazlarida malakalarini oshirib qaytishlarini ta’minlab beramiz. Shuningdek, kombinat faoliyatiga foyda keltiradigan ilmiy-texnik loyihalarning 50 foizini moliyalashtirishga tayyormiz. Zero, nodir metallarsiz innovatsion uskunalarni yaratish, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni tasavvur etib bo‘lmaydi. Qazilma boyliklardan foydalanishni kamaytirish, atrof-muhitga zarar keltirmaslik zamirida yangi texnologiyalar yotarkan, zamonaviy uskunalarni avvalo o‘z yurtimizda ishlab chiqarilishini ta’minlashimiz kerak. Nodir metallar esa bu sohada yetakchilikni qo‘lga kiritishimizda yordam beradi.