O‘zbekiston Konstitutsiyasi 93-moddasining 12-bandiga muvofiq Otabek Baxritdinovich Murodov O‘zbekiston bosh prokurori lavozimidan ozod etildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Lavozimidan ozod qilinishi sababi ma’lum qilingani yo‘q.

Otabek Murodov Bosh prokuraturaga 2018 yilning 31 yanvar kuni rahbar etib tayinlangan edi. Unga qadar u prezident davlat maslahatchisi (2017−2018) lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Adliya vaziri o‘rinbosari (2015−2017) vazifasida ishlagan, prezident devonida (2010−2015) va Bosh prokuraturada (1998−2010) turli lavozimlarda mehnat qilgan.

O‘zbekiston bosh prokurori lavozimiga shu vaqtgacha O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatini boshqarib kelgan Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev tayinlandi. U 2015 yilda parlament yuqori palatasi raisi etib saylangan edi.

Avval, 2011 yildan adliya vaziri bo‘lib ishlagan. Mehnat faoliyatini Olmaliq shahri prokuraturasida stajyor sifatida boshlagan, prokuratura organlarida katta tergovchi, boshqarma prokurori, bo‘lim boshlig‘i, Bosh prokuratura huzuridagi departament boshlig‘i va bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Oliy Majlis Senatiga yangi rais 21 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan 20-yalpi majlis vaqtida saylanishi kutilmoqda.