O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasida tashkilotning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi va unda tashkilotga yangi rahbar tayinlindi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib borgan Ahmadjon Rahimov kuni kecha bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasining raisi lavozimidan ham iste’foga chiqqan edi. Uning o‘rniga assotsiatsiya rahbarligiga Sherzod Toshmatov nomzodi taklif etildi. Konferensiya ishtirokchilari ushbu nomzodni bir ovozdan ma’qullashdi va Sh. Toshmatov O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyaning yangi raisi sifatida e’lon qilindi.

Ma’lumot uchun, Sherzod Toshmatov bungacha O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. Uning boshchiligidagi terma jamoa Rio olimpiadasi va 2 yil muqaddam Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida yuqori natijalar qayd etib, har ikki musobaqada ham umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan edi.