Rossiyaning Saxalin viloyatida patent asosida mehnat qiluvchi chet el fuqarolarini jalb qilish taqiqlangan faoliyat turlari kengaytirildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati mamlakatning Vladivostokdagi bosh konsulxonasi ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

17 iyundan boshlab landshaft obodonlashtirish, ishga qabul qilish, vaqtinchalik ish bilan ta’minlash agentliklari va reklama agentliklari faoliyati mazkur ro‘yxatga kiritildi.

2019 yilda Saxalin hududida ishlovchi mehnat migrantlarini bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha jalb qilishni taqiqlovchi hujjat o‘tgan yilning dekabrida viloyat gubernatori tomonidan imzolangan edi.

Dastlab viloyat hududida faoliyat yurutuvchi xo‘jalik subektlariga ta’lim, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, chakana savdo, xususiy qo‘riqlash xizmatlari faoliyati, ququrlik va quvur transporti, transport vositalari uchun to‘xtash joylari, xavfli tovarlarni tashish, mehmonxona faoliyati va umumiy ovqatlanish korxonalari, suv chiqarish, tozalash va taqsimlash, oqava suvlarni to‘plash va qayta ishlash sohalariga patent asosida mehnat faoliyati olib boruvchi xorijiy fuqarolarni jalb etishga ta’qiq qo‘yilgan edi.

«Shu munosabat bilan Konsullik-huquqiy departamenti Rossiya hududida joylashgan va Saxalin viloyatiga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarimizga yuqorida ko‘rsatilgan ta’qiqlarni hisobga olishlarini so‘raydi», — deyiladi xabarda.