16 iyun kuni Bangladesh prezidenti Muhammad Abdul Hamid O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonning safari Buxorodan boshlandi, deya xabar qildi O‘zA.

«Buxoro» xalqaro aeroportida Bangladesh rahbari va uning hamrohlarini O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev va Bangadesh davlatining mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi M. Manan kutib oldi.

Xorijlik mehmonlar Buxoroda bo‘lish doirasida Naqshbandiya tariqati asoschilaridan biri Bahouddin Naqshband tarixiy majmuasini ziyorat qiladi. Shuningdek, ular qadimiy Ark qal’asi, Poyi Kalon majmuasi, Labi Hovuz ansamblini tomosha qilishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq, 15 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbedagi o‘ziga ajratilgan qarorgohda Bangladesh rahbarini qabul qilgan edi. Bangladesh prezidenti Abdul Hamid Dushanbedagi OHICHK sammitidan so‘ng O‘zbekiston madaniy-tarixiy markazlari bilan tanishish uchun mamlakatga tashrif tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.