Izboskan tumani Chuvama mahallasida yashovchi fuqaro A.Jololov ichkilik tufayli o‘ylamay qilgan xatti-harakati natijasida o‘zidan tashqari ukasi S.Jololov va jiyani Z.Qobulov ham qamaldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Endigina 31 yoshini qarshilagan, ikki farzandning otasi A.Jololov sinfdosh do‘stlari bilan bir do‘stining uyida to‘yib aroq ichishadi. Ziyofat tunggi soat birga qadar davom etdi. Ulfatlar yarim tunda baqir-chaqir bilan ko‘chaga chiqishdi. Uylariga tarqalish uchun mahalla guzariga kelishdi.

Shu payt jamoat tartibini saqlash maqsadida xizmat vazifasini bajarib yurgan Izboskan tuman ichki ishlar bo‘limi tezkor vakillari S.Yakubov va I.Haydarov kelib qoladi. Ular shovqin ko‘tarib, gaplashib turgan yigitlar oldiga kelib, kech bo‘lib qolgani, uy-uylariga tarqalishlari kerakligini aytadi. O‘ta mast bo‘lgan A.Jololov ichki ishlar bo‘limi xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qiladi.

Guvohlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, orada janjal boshlangan. Ichki ishlar xodimlari telefon orqali hudud profilaktika inspektorini, A. Jololov esa sherigining telefoni orqali ukasini tezda mahalla markaziga yetib kelishini so‘raydi.

Notanish telefon raqamidan akasining chaqirganini eshitib ukasi S.Jololov, jiyani Z.Qobulovni chaqirib, mahalla guzariga yetib keladi. Ular akasining bir kishi bilan janjallashayotganini ko‘rib, yordamga shoshishadi. Urush, janjal oqibatida ichki ishlar xodimi S.Yaqubov tan jarohati oladi, I.Haydarov esa vafot etadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi sudyasi Ulug‘bek Karimov raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida atroflicha o‘rganib chiqilgan yuqoridagi jinoiy ish bo‘yicha hukm chiqarildi.

Sud hukmiga ko‘ra, A.Jololov aybdor deb topilib, unga 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, ushbu jinoyatning sodir etilishida ishtirok etgani uchun ukasi yigirma to‘qqiz yoshli S.Jololovga 15 yilu 9 oy, endigina yigirma besh yoshni qarshilagan jiyani Z.Qobulovga 15 yilu 6 oy qamoq jazosi tayinlandi. Endi ular umrining eng go‘zal damlarini qamoqda o‘tkazishga majbur.

Ota-onasining duosini olib, farzandlarini tarbiyalaydigan bir paytda ichkilik, ojizlik, manmanlik tufayli jinoyatchiga aylangan bu insonlarning qilmishi, umuman, ana shu mudhish voqea barchamizga ibrat bo‘lishi kerak.