O‘zbekistonda ilk bor mitinglar, yig‘inlar va namoyishlar to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi mumkin. Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun (rus tilida) e’lon qilindi. Muhokamalar 27 iyungacha davom etadi.

Qonun siyosiy partiyalar, jamoat va diniy tashkilotlar tomonidan o‘tkaziluvchi mitinglar, yig‘in va namoyishlarga taalluqli emas.

Loyihaga muvofiq, miting, yig‘in va namoyishlar ochiq, oshkora va tinch asosda o‘tkazilishi, unda ishtirok etish ixtiyoriy bo‘lishi lozim. Ushbu tadbirlarda konstitutsion tuzimni ag‘darish, milliy, irqiy yoki diniy adovatni qo‘zg‘ash, zo‘ravonlik va urushni targ‘ib qilish, shuningdek davlat organlarini tahqirlash taqiqlanadi.

Miting, yig‘ish va namoyishlarni 18 yoshga to‘lgan bir yoki bir necha O‘zbekiston fuqarolari tashkil etishlari mumkin. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilmagan yoki narkologik muassasalar ro‘yxatiga turmaydigan, ozodlikdan mahrum etilmagan shaxslar, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tashkilotchilik qila olmaydi.

Miting, yig‘ish va namoyishlarda faqatgina 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok eta oladi.

Miting, yig‘ish va namoyishlar vaqtida ishtirokchilar jamoat tartibi va tadbir regalmentiga (vaqtiga) rioya etishlari, mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot organlari vakillarining qonuniy talablarini bajarishlari, niqob va boshqa ular shaxsini vizual aniqlashni qiyinlashtiruvchi vositalardan foydalanmasliklari shart.

Miting, yig‘ish va namoyishlar o‘tkazish uchun majburiy tartibda ruxsat olish lozim. Ariza joylardagi ijro hokimiyati organiga yozma yoki elektron shaklda ijtimoiy faollik o‘tkazilishigacha 30 ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda taqdim etilishi lozim.

Miting, yig‘ish va namoyishlar faqatgina ijro hokimiyati organi tomonidan ajratilgan maxsus joylarda o‘tkaziladi. Ma’muriy binolar, chet el elchixonalari va xalqaro tashkilotlar binosiga 500 metr masofada miting, yig‘ish va namoyishlar uchun joy ajratish taqiqlanadi.

Qonun loyihasida miting, yig‘ish va namoyishlarni haftaning ish kunlari soat 10:00 dan 17:00 gacha vaqt oralig‘ida o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, rejalashtirilgan ijtimoiy faollik o‘tkazilishiga uch kun qolgandan fuqarolar o‘rtasida, jumladan OAV, ozg‘aki chaqiriq va e’lonlardan foydalangan holda dastlabki tashviqotlarni o‘tkazishga ruxsat beriladi.