Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari respublikadan xorijiy valyutalarni noqonuniy olib chiqib ketilishiga yo‘l qo‘ymadi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «Farxod» chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga o‘tish maqsadida kelgan fuqaro O.X. shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada, uning egnidagi kiyimiga berkitilgan, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan 4700 AQSH dollari borligi aniqlandi.

Yana bir holatda, «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti orqali qo‘shni mamlakatga o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaro Ye.D. boshqaruvidagi «VAN Hool» rusumli avtobus bojxonachilar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada, avtobus salonidagi bardachokda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan 1 930 000 qozoq tengesi borligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.