27 may kuni Rossiyaning Leningrad viloyati Priozera tumanida qurilish havozalari qulab ketishi oqibatida 7 kishi, jumladan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi jarohatlandi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsulxonasi ma’lumotlariga tayangan holda.

Xasanov G‘anisher Tashmamatovich (1987 yilda tug‘ilgan) va Qosimov Sami Hamidovich (1970) Leningrad viloyati klinik kasalxonasiga maxsus vertolyotda yetkazilgan. Shamamatov Fazliddin Mirzaraimovich (1992) ham shu kasalxonaga joylashtirilgan. Abduraxmanov Mansur (1983) Vsevoljsk tumanlararo klinik kasalxonasiga yotqizilgan.

Leningrad viloyati Priozera Tergov bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlar — «Igor Drayv» avtodromida asosiy tribuna karkasi qurilishida ishtirok etayotgan ishchilar. Havozalar ustiga osilgan temir-beton soyabon ular ustiga qulab tushgan.

Mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyat alomatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bosh konsulxona Leningrad viloyatining tegishli organlari bilan aloqa o‘rnatgan hamda mazkur vaziyatni o‘z nazoratiga olgan.

Konsullik-huquqiy departamenti eslatib o‘tadiki, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk viloyati, Kaliningrad viloyati, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad viloyati, Murmansk viloyati, Nenets avtonom okrugi, Novgorod viloyati, Pskov viloyati, Sankt-Peterburg shahri, Vologoda viloyati) hududida joylashgan fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7−965−029−41−49.