Ishlab chiqilayotgan 2019−2020-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturida O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan, deya xabar qildi “Gazeta.uz"ga Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi ekspert guruhi rahbari Latif Jalov.

U bu haqda 23-may kuni Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul harakatlar rejasi doirasida O‘zbekistonda to‘rtinchi raund monitoringi hisoboti xulosalari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) yangi tavsiyalari hamda ularni ijro etish bo‘yicha harakatlar muhokamasiga bag‘ishlangan anjuman doirasida ma’lum qildi.

IHTTning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘linmasining siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha tahlilchisi Tetyana Xavanska O‘zbekiston 23 tavsiyadan 10 tasini qisman, 8 tasini to‘liq bajarganini ma’lum qildi.

“Ikkita tavsiyani ko‘rib chiqmadik, chunki yangi raundda diqqat markazimiz boshqa yo‘nalishga o‘zgardi. To‘rtinchi raund avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi: biz nafaqat davlatning tavsiyalar bo‘yicha nimalarni amalga oshirganini ko‘rib chiqdik, balki kelajakka nazar tashlashga diqqat va e’tibor qaratishga harakat qildik”, — dedi u.

“Gazeta.uz” muxbirining davlat xizmatchilari daromadlarining deklaratsiya qilinishi to‘g‘risidagi savoliga javob berar ekan, Latif Jalov amaldorlarga tegishli aktivlar va mol-mulklarning deklaratsiya qilinishi korrupsiyaga qarshi kurashning muhim qismi ekanini ta’kidlab o‘tdi.

“Shundan kelib chiqib, biz hozirda 2019−2020-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasini ishlab chiqmoqdamiz. Unga mansabdor shaxslarning muayyan toifalari mol-mulklarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi bandni kiritdik. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda O‘zbekistonda ushbu tizimni joriy etamiz”, — dedi u.

Davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilishni ko‘zda tutuvchi davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun 2017-yil sentyabrida qabul qilinishi kerak edi. Ushbu muddat nima sababdan ortga surildi?

“Amaldagi davlat dasturi asosida davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Mazkur loyiha davlat xizmatlari organlari faoliyatining barcha sohalariga taalluqli bo‘lib, u keng qamrovli va muayyan xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Shuning uchun u muhokamalar jarayonida. O‘ylaymanki, bizda uni tez orada qabul qilish va barcha zarur choralarni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i.

Tetyana Xavanska ham deklaratsiya tizimi joriy etilishiga umid bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IHTTning ko‘plab mamlakatlaridagi amaliyot buning juda jiddiy samarasi borligini hamda undan ham ogohlantirish nuqtai nazaridan, ham turli korrupsion jinoyatlarni aniqlash uchun foydalanish mumkinligini ko‘rsatdi.

“Jamoatchilik davlat xizmatchilari, ayniqsa yuqori lavozimlarda xizmat qiluvchilar nimalarga egalik qilishini bilish huquqiga ega. Chunki bu ularning davlati va bu odamlar ular uchun ishlaydi”, — dedi u.

Davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunning uzoq yo‘li

To‘rtinchi raund monitoringi bo‘yicha hisobotga ko‘ra, davlat xizmati islohoti hali ham muhokama qilinmoqda. 2012 yildagi birinchi va ikkinchi raund monitoringi hisobotida O‘zbekiston hukumati “Davlat xizmati to‘g‘risida"gi qonun korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha milliy dastur doirasida ishlab chiqilishi rejalashtirilgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxatiga kiritilganini ma’lum qilgani keltirilgan.

2015-yilda uchinchi raund monitoringi doirasida O‘zbekiston hukumati davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun konsepsiyasi va qonun loyihasi (Germaniya modeli asosidagi) ishlab chiqilgani haqida ma’lum qilgan.

Xuddi shunday vaziyat 2018-yil so‘ngida — 2019-yil boshida ham kuzatildi. 2017−2018-yillarda Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha davlat dasturining 2-bandi 2017-yil oktyabrigacha “Davlat xizmati to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqishni ko‘zda tutgan edi. Unda davlat xizmati tizimining qurilishi va ishlash tamoyillari, davlat xizmati kadrlar tarkibini shakllantirish, davlat xizmatiga kirish, uni o‘tash va to‘xtatishga qo‘yilgan asosiy talablar keltirib o‘tiladi.

O‘zbekiston taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, qonun konsepsiyasi 2017-yil dekabrida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, tegishli qonun loyihasi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

O‘sha vaqtda adliya vaziri o‘rinbosari, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Yesemurat Kanyazov O‘zbekistonda davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilishni joriy etish ular uchun ijtimoiy ta’minot masalalarining kafolatlanishi bilan chambarchas bog‘liq ekanini qayd etib o‘tadi. U qonunning 2018-yilda qabul qilinishi kutilayotganini ma’lum qilgan edi.

2018-yilda qonun konsepsiyasi va loyihasi Adliya vazirligi tomonidan takomilga yetkazilib, Prezident administratsiyasiga kiritadi. Hukumat organlari ayni vaqtda qonun konsepsiyasi va loyihasi Prezident administratsiyasida ko‘rib chiqilayotgani, ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishini xabar qiladi.

2018-yil dekabrida monitoring guruhi mamlakatga tashrifi vaqtida O‘zbekistonda haqiqatdan ham davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun loyihasi keng muhokama qilinayotgani, biroq ushbu masalada keyingi qadamning aniq muddatlarini hech kim bilmasligini ma’lum qiladi.

Monitoring guruhi davlat xizmatchisi maqomi noma’lumligicha qolsa va qonunchilikda ma’muriy va siyosiy davlat xizmatchilari orasidagi farq aniq ajratilmasa, davlat xizmatchisining professionalligi yetarli darajada ta’minlanmasligini qayd etib o‘tdi.

Ushbu sohadagi islohotlar bo‘yicha siyosiy iroda yuqori darajali rahbariyat tomonidan e’tirof etilmoqda, deya qayd etdi ekspertlar. Prezident tomonidan 2017-yilning 8-sentyabrida imzolangan ma’muriy islohotlar konsepsiyasi davlat boshqaruvi tizimini isloh qilishning oltita asosiy yo‘nalishini belgilab berdi. Ulardan biri hokimiyat organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashning amaliy natija beradigan mexanizmlarini joriy etish, professional davlat xizmatlarining samarali tizimini shakllantirishdan iboratdir.

Davlat xizmatchisi maqomining belgilab berilmagani hisobdorlikning past darajada bo‘lishini, oxir-oqibat korrupsion xatarlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi, deyiladi monitoring guruhi hisobotida. Guruh yana bir marta qisqa muddatlarda ushbu qonunni imzolashga chaqirdi.

IHTTning davlat xizmatini isloh qilish bo‘yicha tavsiyalari

IHTT ekspertlari quyidagilarni tavsiya qilmoqda:

  • Davlat xizmati to‘g‘risidagi yagona qonunni qabul qilish va uning samarali ijro etilishini ta’minlash;
  • Davlat xizmatiga kadrlarni tanlov asosida saralab olish, shuningdek shaxsiy va kasbiy fazilatlari asosida ularni lavozimga tayinlash va xizmat bo‘yicha mansabini oshirib borishning shaffof tizimini joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonun hujjatlarini qabul qilish. Ma’muriy va siyosiy mansabdor shaxslarni aniq belgilashni joriy etish;
  • Davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lashning shaffof tizimini joriy etish, jumladan oylik maoshning o‘zgaruvchan qismini to‘lash tartiblari va tamoyillarini belgilash;
  • Qonunda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni tartibga solish to‘g‘risidagi asosiy me’yorlarni belgilash hamda qonunchilikning tegishli me’yorlarini amalda lozim darajada qo‘llashni ta’minlash. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish hamda uni tartibga solish bo‘yicha qoidabuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash. Mansabdor shaxs tomonidan manfaatlar to‘qnashuvida o‘zining yoki yaqin kishisi uchun manfaat olish maqsadida qaror qabul qilingani uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish;
  • Qonunda mansabdor shaxslarning (jumladan siyosiy xizmatchilar, sudyalar, prokurorlar) daromadlari, mol-mulklari, majburiyatlari, xarajatlari va manfaatlarini majburiy tartibda deklaratsiya qilishning yagona tizimini joriy etish. Unda onlayn ariza berish, deklaratsiyalarni e’lon qilish (qonunda ko‘zda tutilgan ba’zi istisnolardan tashqari), deklaratsiyalarni xatarlar asosida majburiy tekshiruvdan o‘tkazish, deklaratsiya topshirmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik uchun amaliy natija beruvchi choralar ko‘zda tutilishi lozim. Shuningdek, mansabdor shaxslar deklaratsiyalarini yig‘ish, tekshirish va e’lon qilish uchun javobgar organni belgilash (tashkil etish), bunday organga kerakli darajada mustaqillik, resurslar va vakolatlar berish;
  • Korrupsiya holatlari to‘g‘risidagi xabarlarni e’lon qilish amaliyotini kengaytirish, jinoyatlarni fosh qiluvchilar himoyasini ta’minlash, davlat xizmatchilari xabarlari monitoringini yuritish, treninglar o‘tkazish, axborot kanallarini takomillashtirish, anonim xabarlarni ko‘rib chiqishga ruxsat berish. Jinoyatlarni fosh qiluvchilar to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, statistik ma’lumotlarni to‘plash;
  • Siyosiy mansabdor shaxslar faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risidagi me’yorlarni amaliyotga ishonchli qo‘llash va boshqalar.