Vladimir Zelenskiy 20 may kuni Oliy radada qasamyod qabul qilib, Ukraina prezidenti lavozimiga kirishdi, deya xabar qildi UNIAN agentligi.

Unga Ukraina prezidenti ramzlari — cho‘qmor, gerbli muhr va orden zanjiri topshirildi.

Inauguratsiya marosimidan so‘ng Vladimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari qo‘shin turlari qo‘mondorlarining tanishtiruv marosimida ishtirok etib, qasamyod qabul qilish marosimida qatnashgan chet el delegatsiyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Ukraina prezidenti amaldorlardan uning portretini xizmat xonalariga osmaslikni so‘radi, deya xabar qildi Interfaks.

«Kabinetlaringizda mening tasvirlarim bo‘lmasligini juda xohlayman, iltimos, mening portretlarim bo‘lmasin, chunki prezident — but emas, sanam emas. U yerga farzandlaringizning rasmlarini ilib qo‘ying va har bir qarorni qabul qilishdan oldin ularning ko‘zlariga qarang», — dedi Zelenskiy Oliy rada minbaridan ukrain xalqiga murojaat qilar ekan.

Vladimir Zelenskiy Ukrainaning oltinchi prezidenti bo‘ldi. u 21 aprel kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining ikkinchi turida 73,22 foiz ovoz to‘pladi va sobiq prezident Pyotr Poroshenko ustidan g‘alabaga erishdi.