Toshkent IIBB avtomobillarning o‘z-o‘zidan yonib ketishi va chiroqlarni yoqib yurish o‘rtasida bog‘liqlik mavjud emasligini ma’lum qildi. O‘zbekiston Yo‘l harakati qoidalariga kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi chiroqlarni yoqib harakatlanishi shartligi kiritilganidan so‘ng internetda yangi tartib sababli avtomobillarda yong‘inlar kelib chiqayotgani aks etgan fotosuratlar tarqalishni boshladi.

IIBB matbuot xizmati O‘zbekiston FVV Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga tayanib xabar qilishicha, 2018 yilda yengil mashinalarni yonib ketishi bilan bog‘liq 64 ta, joriy yilda esa 11 holat qayd etilgani haqida xabar berdi. Bulardan ikki holatda yonish — yoqilg‘i tizimi ishdan chiqqani sababli yuz bergan.

Qolgan holatlarda esa yong‘in quyidagi rusumli avtomobillarda elektr o‘tkazish tizimi buzilganligi bois sodir bo‘lgan: GAZ-3102, GAZ-2401, Daewoo Matiz, VAZ-2109, Hyundai Sonata, Ford Sierra, GAZ-2420, Chevrolet Epica, Chevrolet Captiva, Chevrolet Damas (yong‘inga YTH sabab bo‘lgan), Chevrolet Cobalt — avtomobilning motor qismida sodir bo‘lgan bort kompyuteri va akkumulyatorni ulab turuvchi elektr o‘tkazish tizimadagi qisqa uzilish sabab bo‘lgan. Avtomobil yoritgichlariga zarar yetmagan.

17 may kuni Farhod ko‘chasida Volvo avtomobilining yonib ketishiga motor bo‘limidagi muammolar sabab bo‘lgan. Haydovchi va guvohlar 101 yoki 102 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilmagan. «Agarda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan fotosuratga diqqat bilan e’tibor qaratilsa, chiroqlarga zarar yetmaganini ko‘rish mumkin», — deya ma’lum qildi IIBB.

Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inga sabab bo‘lgan elektr o‘tkazgichlarning texnik qoniqarsiz holatlari ko‘pincha eski yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillarda uchraydi.

IIBB ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va blogerlarni avtomobillarning yonish sabablari to‘g‘risidagi o‘z «mutaxassis» xulosalari bilan insonlarni adashtirmaslikka chaqirdi.