Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an o‘zbek avtotashuvchilari uchun 30 kun muddatga beriladigan kirish vizalarini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjat 10 maydan kuchga kirdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Bu haqdagi qaror prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 oktyabrda Turkiyaga tashrifi vaqtida imzolangan yo‘lovchilar va yuklarning xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni amalga tatbiq etish doirasida qabul qilindi.

Turkiya 2007 yilda turistik maqsadlarda mamlakatga tashrif buyuruvchi O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejimni joriy etgan edi. Biroq bu qaror katta yuk avtomobillari va avtobuslar haydovchilariga qo‘llanilmadi.