O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkentda kvartirani dollar evaziga oldi-sotti qilayotgan ikki nafar fuqaroning qo‘lga olinganini rad etdi.

Avvalroq internetda Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan ikki xonali uyni 25 ming AQSH dollari evaziga sotayotgan vaqtda fuqarolar R. T. va N. L.ning ushlangani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

«Rasman ma’lum qilamizki, Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan bunday tadbir o‘tkazilmagan va o‘z-o‘zidan fuqarolar R. T. hamda N. L.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177- va 189-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan», — deyiladi bayonotda.

Bosh prokuratura jamoatchilik orasida turli noto‘g‘ri talqin va taxminlar tarqalishining oldini olish maqsadida, ommaviy axborot vositalaridan prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor yoki tergov tadbirlarini yoritishda faqat Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan rasmiy ma’lumotlarga tayanish va havola keltirishni qat’iy so‘rashini ma’lum qildi.