Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tez yordam mashinasi ishtirokida yo‘l transport hodisasi yuz berdi, deyiladi Zarnews.uz tarqatgan xabarda.

2019 yil 12 may kuni tongi soat 03:40 da Paxtachi tumanining Dabusya mahallasida yashovchi homilador ayol M.Qarshiyeva shoshilinch tez yordam so‘rab tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Ushbu chaqiriqqa yaqin atrofda joylashgan Boltali tez yordam shoxobchasining tez tibbiy yordam brigadasi shifokorlari «Damas» rusumli avtomashinasida yo‘lga chiqqan. Ammo, soat 04:05 da M-37 avtomagistral yo‘lida ketayotgan tez yordam mashinasi «MAN» yuk mashinasi tomonidan urib yuborilishi oqibatida avtohalokatga uchragan.

Natijada tez tibbiy yordam brigadasi a’zolari og‘ir tan jarohatlari olishgan va zudlik bilan tuman markaziy shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga olib kelingan.

— Brigada feldsheri O.Doniyev hamda vrach I.Ahmedovlarga qo‘yilgan tashxisga ko‘ra, ular shu kunning o‘zida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga yuborildi, — deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Shavkat Jabborov. — Markaz direktori tibbiyot fanlari doktori A.Tilyakov boshchiligidagi bir guruh shifokorlar tomonidan konsilium qilinib, kerakli tibbiy muolaja va tavsiyalar berildi. Avtohalokatga uchragan brigada haydovchisi E.Uzoqov esa tuman tibbiyot birlashmasida davolanmoqda.

Chaqiriq bo‘lgan Dabusya mahallasida yashovchi M.Qarshiyevaning xonadoniga ikkinchi tez yordam brigadasi borgunicha tug‘ruq uyida o‘tkazilgan. Hozirda ona va bolaning ahvoli yaxshi, tug‘ruq asoratsiz o‘tkazilgan bo‘lib doimiy vrachlar nazoratida turibdi.