2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi, deya xabar qildi Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanali. Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarorida bu haqda so‘z boradi.

Qarorga muvofiq 2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.

Abituriyentning test sinovidan to‘plagan ballari haqidagi ma’lumot test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.