Toshkent shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan «Investor kuni"da 24 nafar tadbirkorga 2,1 trln. so‘mlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qarorlar topshirildi. Bu haqda shahar hokimligining matbuot xizmati xabar berdi.

Investitsiya bugungi taraqqiyot va farovon kelajak uchun muhim sarmoyadir. Iqtisodiyotning o‘sishi, yangi ish o‘rinlarining tashkil etilishi, xalqning turmush darajasi oshishida turli sohalarga kiritiladigan investitsiyalarning ahamiyati katta.

Toshkent shahar hokimligida har chorshanba kuni o‘tkazilayotgan «Investor kuni"da poytaxt istiqboliga xizmat qiladigan loyihalar ko‘rib chiqilmoqda.

8 may kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda respublika ishchi guruhi tomonidan ma’qullangan 46 nafar tadbirkor sanoat korxonalarini ochish, yangi turar joy va xizmat ko‘rsatish muassasalarini barpo etishga oid loyihalari bilan ishtirok etdi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha 46 nafar tadbirkorning 24 nafariga umumiy qiymati 2,1 trln. so‘mlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha Toshkent shahar hokimining qarorlari topshirildi. Shundan 88,5 mln. AQSH dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyadir.

Shuningdek, tadbirda umumiy qiymati 375,3 mlrd. so‘m bo‘lgan 22 ta loyihalar yuzasidan vakolatli tashkilotlar bilan kelishuv jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar hokimligi ushbu tadbirda barcha investorlar va xorijiy hamkorlarni faol ishtirok etishga taklif etadi. Tadbirda ishtirok etish uchun o‘z biznes loyihangizni tashinvest.uz saytiga joylashtirishingiz mumkin, deyiladi xabarda.