Poytaxt Toshkentdagi yangi qurilgan inshootlarni ko‘zdan kechirish asnosida prezident Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanida qurilgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjidga ham tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Chilonzor tumanidagi So‘galli ota ziyoratgohi yonida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qurilishini boshlatgan masjid uzoq yillar qarovsiz holda qolib ketgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili fevral oyida bu yerga kelib, masjidni keng va ko‘rkam qilib qurish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Bugun 2 gektardan ziyod maydonda ulkan majmua bunyod etildi. Avvalgi loyihadagi ayvon o‘rni ham masjid binosiga qo‘shilib, yanada kengaytirildi. Majmuadan, shuningdek, konferens-zal, o‘quv xonalari, tahorat xona, muzey va boshqalar joy olgan. Yo‘l bo‘yidagi So‘galli ota maqbarasi ta’mirlangan. Beton qoldiqlari chiqarib tashlanib, ko‘kalamzorlashtirilgan.

Ma’lumki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy bo‘lgan. Turli diniy-ma’rifiy mavzularda yuzdan ziyod kitoblar yozib, islom dini mohiyatini to‘g‘ri yetkazish, odamlarning bilim va ma’naviyatini oshirishga katta hissa qo‘shgan.

Prezident bu masjid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomiga munosib bo‘lganini ta’kidladi. Shayx hazratlarining ilmiy merosini o‘rganish, ma’rifat va odob-axloq mavzularida ko‘proq kitoblar chop etish, jamiyatimizdagi ma’naviy muhitni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.