Qashqadaryo viloyatida giyohvand o‘simligini xufyona tarzda yetishtirib kelayotgan xonadon fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan Kasbi tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida fuqaro I.Z.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, xonadonning hovli qismida alohida toshlar bilan ajratib, hosili yaxshi bo‘lishi uchun o‘g‘itlar berilib ishlov berilgan yerda 68 tup ko‘knori giyohvand o‘simligini yashirin tarzda yetishtirayotgani aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.