Rossiya prezidenti Vladimir Putin barqaror Runet to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, hujjat 1 noyabrdan kuchga kiradi, deya xabar qildi RIA Novosti. Qonun bilan «Aloqa to‘g‘risida» va «Axborot, axborot texnologiyalar va axborot himoyasi to‘g‘risida"gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritiladi.

Hujjat Rossiyada internet faoliyatiga xorijdan tahdidlar vujudga kelgan taqdirda uning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Rossiya hududida internetning barqaror, xavfsiz va belgilangan maqsadlarga muvofiq ishlashini ta’minlash javobgarligi Roskomnadzorga yuklatildi.

Qonun Roskomnadzor huzurida monitoring va umumiy foydalanishdagi tarmoqlarni boshqarish markazini tuzishni ko‘zda tutadi. Markaz har qanday favqulodda holatlarda aloqa xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlashi, bu kabi vaziyatlarda operatorlar faoliyatini muvofiqlashtirishi lozim.

Davlat organlari va korxonalarning internetdagi ma’lumotlari qo‘shimcha ravishda shifrli himoya qilinadi.

Qonun hokimiyat organlari, aloqa operatorlari va texnologik tarmoqlar egalari ishtirokida Rossiya hududida internetning barqaror, xavfsiz va maqsadga muvofiq ishlashiga qaratilgan xavf-xatarlarni aniqlash hamda Runetning ish qobiliyatini qayta tiklash bo‘yicha doimiy mashg‘ulotlarni o‘tkazishni ko‘zda tutadi.

Internetga chiqishi bo‘lmagan ichki tarmoqlarga nisbatan qonun tatbiq etilmaydi.