Mineral suvlar (TN TIF 2201 kodli) importiga davlat bojini 30 foizdan 50 foizga oshirish taklif qilinmoqda. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasida so‘z boradi.

Hujjatda har bir litr uchun 0,25 dollar miqdoridagi minimal cheklov o‘rnatish ham taklif etilmoqda (hozirda eng kam miqdor chegarasi mavjud emas).

Qaror «milliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish, sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorni sifatli iste’mol tovarlari bilan to‘ldirish"ga qaratilgan.

Korzinka.uz supermartketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov Facebook ijtimoiy tarmog‘ida qaror loyihasiga o‘z munosabatini bildirar ekan, shunday dedi: «Har qanday import qilingan mineral yoki oshxona suvi apriori mahalliy suvdan eng kamida ikki barobar qimmat bo‘ladi… Evian va Vittel kabi suvlar chakana savdoda yarim litri 20 ming so‘mdan ortiq, yaqin xorijdan keltirilgan va savdo kelishuvlari mavjud bo‘lgan „Borjomi“ va „Yessentuki“ suvlariga import boji taalluqli emas, biroq ularning yarim litri 10 ming so‘m atrofida turadi va eng qimmat mahalliy o‘xshashidan ikki barobardan ko‘proqqa qimmat. „Sog‘lom raqobat“ uchun yana bojlarni oshirish kerak bo‘lsa, ushbu narx farqi bizning ishlab chiqaruvchilarimiz uchun yetarli emasmikan?»

Eslatib o‘tamiz, fevralda prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida «Chortoq» shifobaxsh mineral suvini ishlab chiqarishni yiliga 20−30 mln donagacha oshirish, shuningdek ularni butun mamlakatdagi bolalar bog‘chalari, yozgi lagerlar, shifoxonalar, ijtimoiy dorixonalar va supermarketlarga yetkazib berishni topshirgan edi.