Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Teshayev juma kuni Xalqaro press-klub majlisida O‘zbekistonda mahallalarning «bir mahalla — bir mahsulot» tamoyili bo‘yicha ixtisoslashuvi mazmun-mohiyatini tushuntirdi.

22 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligi ostida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish masalalari ko‘tarilgan edi. Mutasaddi shaxslarga har ir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda mahallalarni «bir mahalla — bir mahsulot» tamoyili bo‘yicha meva-sabzavotchilik, issiqxona xo‘jaligi, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, kurkachilik va boshqa yo‘nalishlarga ixtisoslashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari ixtisoslashuv bir necha turdagi mahsulotlar yetishtirishni taqiqlash degani emasligini ta’kidladi.

«Masalan, Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida uzum toklari bo‘lmagan birorta ham uy yo‘q. U yerda bu yo‘nalish juda rivojlangan. Toklar ostiga bodring ham ekishadi. Ixtisoslashuv bir tuman aholisi faqat bir mahsulot yetishtirib, boshqasi taqiqlanishini anglatmaydi. Agar ular (tadbirkorlar — tahr.) birgalikda bir turdagi mahsulotni yetishtirsalar, bozor topish imkoniyati kattaroq bo‘ladi. Shuningdek, bu mahsulot sifatiga ham ta’sir ko‘rsatadi, ular bir-birlaridan o‘rganadi va yetishtirish texnologiyalarini o‘zlashtiradi», — deya izoh berdi Shuhrat Teshayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa hududlarda ham uzum yetishtiriladi, biroq ularni Oltiariq tumanidagi bilan sifat va hajm borasida solishtirib bo‘lmaydi.

«Bir gektar yerdan 70 tonnagacha hosil oluvchi tadbirkorlar bor. Oltiariq tumanida chorvachilik bilan ham shug‘ullanishadi, bodring va boshqa mahsulotlar ham yetishtiriladi, lekin asosiy yo‘nalish — uzumchilik. Hech kim bunga majburlamaydi», — dedi vazir o‘rinbosari.