Poytaxtning Sergeli tumanida ham ko‘p qavatli uy-joylar qurilib, yangi mavzelar aholiga topshirildi. Mazkur mavzelarda yashovchi aholiga qulaylik yaratish maqsadida 2019 yilning 23 aprel kuni tumanda to‘rtta yangi umumta’lim maktablarining qurilish ishlari boshlandi. Bu haqda Xalq ta’limi vaziriligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilbay Ramatov, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Maktabgacha ta’lim vaziri Agrepina Shin, Qurilish vaziri Abduqahhor To‘xtayev, Qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov maktablarning qurilishi oldidan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi.

Zamonaviy loyihalar asosida qurilayotgan maktablarning har biri 1,5 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, 2019−2020 o‘quv yilidan boshlab birinchi o‘quvchilarni qabul qiladi. Mazkur o‘quv muassasalarining ishga tushirilishi Sergeli tumanida qurilayotgan mavzelar atrofida joylashgan yuqori koeffitsiyentli maktablardagi vaziyatni yaxshilanishiga olib keladi.

Shu bilan birga, joriy yilda yuqori koeffitsiyentli 267- va 303-maktablar uchun investitsiya dasturi doirasida 360 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilishi rejalashtirilgan.