24-aprel kunining ilk musobaqalari 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkazildi. Unda velosportchi qizlar g‘oliblik uchun 20 km masofani bosib o‘tishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Finishga birinchi bo‘lib qozog‘istonlik sportchi Ulyana Suxorebrik yetib kelgan bo‘lsa undan atigi 6 soniya ortda qolib o‘zbekistonlik Yanina Kuskova keldi. Uchinchi o‘rin esa Gonkongdan tashrif buyurgan sportchiga nasib etdi. Kumush medali sohibiga aylangan Yanina O‘zbekiston terma jamoasiga ilk medalni olib keldi.

Bugun kun davomida o‘g‘il bolalar va yigitlar o‘rtasida va U-23 erkaklar o‘rtasida ham individual poygalar o‘tkaziladi. Eslatib o‘tamiz, veloshosse bo‘yicha 39-Osiyo chempionatining musobaqalarida 40 dan ortiq mamlakatdan 600 nafar sportchi ishtirok etmoqda.