23 aprel kuni kechki soat 21:00—22:00 larda bo‘lib o‘tgan kuchli shamol va yomg‘ir Urgut tumanidagi qariyb yarim million aholini hozirgacha elektr energiyasiz qoldiryapti. Bu haqda Zarnews.uz saytida xabar berildi.

Bugun ertalab Urgut tuman ETK bosh injeneri bilan bog‘lanilganida u kecha kechki payt bo‘lgan kuchli shamol va yomg‘ir aksariyat podstansiyalarga, ayrim joylarda elektr uzatuv simlariga, simyog‘ochlarga zarar yetkazganini ma’lum qilgan.

Injenerning so‘zlariga ko‘ra, muammoni bartaraf etish uchun muammo yuz bergan joylarga elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari jalb qilingan. Ammo, ertalabdan yog‘ib turgan yomg‘ir ularning ishini qiyinlashtiryapti.

Hozirgi holatda Urgut tumanining aksar hududlarida uzluksiz elektr energiya yetkazib berish tiklangan. Ba’zi bir murakkab hududlarda tuman ETK xodimlari ish olib borishmoqda va yaqin vaqtda u hududlarga ham uzluksiz elektr energiyasi uzatila boshlanadi.

Vaziyatni viloyat ETK bosh muhandisi Komil Oqilov Urgut tumaniga kelib nazorat qilmoqda.