O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov 22-aprel kuni Frira galereyasi va Sakler Smitson instituti direktori Cheyz Robinson bilan uchrashdi, deya xabar qildi mamlakat TIV matbuot xizmati.

Smitson instituti delegatsiyasi 24-apreldan 2-mayga qadar O‘zbekistonda bo‘ladi. O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mazkur tashrif tashabbuskori hisoblanadi. Jamg‘arma va Smitson instituti 2018-yilda hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolagan edi.

Amerikalik olimlarning o‘zbek hamkasblari bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazishi, Davlat san’at muzeyi, Davlat amaliy san’at muzeyi, Nukusdagi Igor Savitskiy muzeyi hamda Oybek yodgorlik uy-muzeyi kolleksiyalarini o‘rganishi rejalashtirilgan.

Ular mahalliy ekspertlar hamda muzey ishi va san’at sohasi mutaxassislari ishtirokida seminar-treninglar va davra suhbatlari o‘tkazadi.

Bundan tashqari, may oyida Smitson instituti saytida eramizdan avvalgi III-II asrlardan eramizgacha davrlarda Markaziy Osiyo hududida mavjud bo‘lgan qadimiy So‘g‘diyona davlati xalqlari tarixi va madaniyati, an’ana va urf-odatlariga bag‘ishlangan The Sogdians mavzuli bo‘lim ochiladi.