O‘zbekistonda yanvar-mart oylarida ijtimoiy faol aholiga nisbatan ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2018-yilning yanvar-dekabriga (9,3 foiz) nisbatan 0,1 foizga ko‘p, biroq 2018-yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 0,3 foizga pastroqdir.

Mart oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan respublikadagi 108 ta tuman va shaharlarda keng ko‘lamli ijtimoiy tekshiruvlar o‘tkazilib, fuqarolarning 462 ta o‘z-o‘zini boshqarish organlari, 4900 ta uy xo‘jaligi va 25691 nafar fuqaro qamrab olindi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, eng yuqori ishsizlik darajasi 9,7 foiz bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Toshkent shahrida (8 foiz) aniqlandi. Ishga muhtoj aholi soni 1 million 391 ming kishini tashkil etdi.

Ishsizlik darajasi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida 15,3 foizni, shundan 15−25 yoshlilar o‘rtasida 17,1 foizni, ayollar ishsizligi esa 13 foizni ko‘rsatdi. Mehnat resurslari miqdori mehnatga layoqatlilar sonining 183,2 ming kishiga ortgani hisobiga 18 mln 953 ming aholini tashkil etdi. Bu 2018-yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 1 foizga ko‘p.

Ijtimoiy faol aholi soni esa 14 mln 767,1 mingga yetgan (2018-yil yanvar-mart oylariga nisbatan 1 foiz yuqori). Bunda rasmiy ijtimoiy sektordagi bandlik 5 mln 412,1 ming kishini tashkil qiladi. Mazkur ko‘rsatkich ijtimoiy sohada band bo‘lganlar (92,2 mingga), shuningdek, patentga ega yuridik shaxs bo‘lmagan tadbirkorlar (76,9 mingga) ortishi hisobiga 176,3 mingga (3,4 foizga) ko‘paygan.

Norasmiy sektordagi bandlik esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkich bilan bir xilda qolgan — 7 mln 963,9 ming kishi. Bunda vaqtinchalik bir martalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar soni (41,9 mingga) oshgani kuzatilgan, mehnat shartnomalarisiz ishlayotganlar va maxsus ruxsatnomasiz tadbirkorlik faoliyatini olib borayotganlar soni esa umumiy olganda biroz (3,6 mingga) kamaygan.

Ijtimoiy faol bo‘lmgan aholi soni homiladorlik va tug‘ish ta’tilidagi yoki 2 yoshgacha bo‘lgan farzandlar qarovidagi ayollar (50,3 ming) ortishi hisobiga, garchi o‘z xohishiga ko‘ra band bo‘lmagan shaxslar (8,7 mingga) biroz kamaygan bo‘lsa-da, 4 mln 186,8 ming kishini (1 foizga ko‘paygan) tashkil etdi.

Chet elga ishga ketganlar soni 19,4 ming kishiga kamayib, 2 mln 365,4 ming nafarni tashkil etdi.

Bundan tashqari, 2019-yilning yanvar-mart oylarida mehnat organlariga 173,3 ming kishi (ulardan 61,9 ming nafari 16−30 yoshdagilar) murojaat qilgan. Murojaatchilarning 62 ming nafari ishga joylashtirilgan, 49 ming nafari jamoat ishlariga jalb etilgan, 6977 nafari kasbiy tayyorlovga yo‘naltirilgan, 3863 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.