Toshkent viloyati Angren shahrida eronlik investorlar tomonidan kaolinni qayta ishlash va keramik plita ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda viloyat davlat xizmatlari markazi ma’lum qildi, deyiladi O‘zA xabarida.

Xabarda qayd etilishicha, Angren shahar davlat xizmatlari markazi tomonidan Eron Islom respublikasi fuqarolari Fallah Mostafa Gholamali va Zolfaghari Neda Bahramali ishtirokidagi «Burxan Developed trade» mas’uliyati cheklangan jamiyati davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ustav fondi 85 million so‘mni tashkil etuvchi mazkur korxona tomonidan shaharda kaolinni qayta ishlash va keramik plita ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu o‘z navbatida ichki bozorning mana shu turdagi mahsulotga bo‘lgan talabini qondirish, o‘nlab shahar yoshlarining doimiy bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Angren davlat xizmatlari markazi tomonidan shuningdek, o‘tgan mart oyida «ECOTON-SHARQ» xorijiy korxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi. Beton-blok ishlab chiqarishi rejalashtirilgan mazkur MCHJning ustav fondi 400 million so‘m bo‘lib, loyiha doirasida dastlabki bosqichda 100 ta, keyinchalik yana 200 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan.