Ehtimol sezgandirsiz, ko‘plab mamlakatlarda, ayniqsa rivojlangan davlatlarda teleko‘rsatuvlar harakatlanuvchi satr yoki “yuguruvchi satr” (ruscha “бегущая строка”) bilan ko‘rsatiladi. Masalan, AQSHda reklama va e’lonlarni ko‘rsatish maqsadida jamoat joylariga, aeroport va vokzallar yoki jamoat transportiga o‘rnatilgan ekranlarda ko‘pincha harakatlanuvchi satrni uchratish mumkin.

Qo‘shma Shtatlarda televizor ko‘rayotganingizda, yon-atrofda uxlab yotgan odamni bezovta qilmaslik uchun, pultdagi “Ovozsiz rejim” (inglizcha “Mute”) tugmasini bosib qo‘ysa bo‘ladi. “Mute” tugmasi bosilganidan so‘ng, ekranning quyi qismida harakatlanuvchi satr paydo bo‘ladi va siz ko‘rsatuvni subtitrlar bilan xotirjam tomosha qilishingiz mumkin. Pultda titrlarni darhol ekranda ko‘rsatish imkonini beradigan boshqa maxsus funksiyalar ham bor.

Harakatlanuvchi satr nega kerakligi yoki jamoat joylarida axborot nima uchun subtitr ko‘rinishida berilishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Subtitrlar nafaqat uxlayotgan odamga xalal bermaslik, balki eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun ham o‘ylab topilgan. Subtitr yordamida kar odam ko‘rsatuv nima haqida ekanligini osonroq anglab oladi. Subtitr — eshitishida nuqsoni bor inson uchun nafaqat kundalik turmushdagi bir qulaylik, balki ularni axborot bilan ta’minlash yo‘lidagi zaruriy moslashuvchi belgi hamdir.

Matnli axborot olish yo‘lidagi to‘siqlar

Axborot asrida bizda oshib borayotgan axborot oqimidan foydalangan holda yuz berayotgan voqea-hodisalardan doimo boxabar bo‘lib turish imkoni mavjud. Biroq, afsuski, eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar o‘qishga odatlana olmaganliklari bois, matnli axborotdan to‘laqonli foydalanish imkoniga ega emaslar.

Buning bari ularning so‘z boyligining nochorligidan, shu bois eshitishida nuqsoni bo‘lgan ko‘pchilik odamlar surdo tarjimonlarining yordamidan foydalanishga intiladilar. Imo-ishora tili tarjimasi kar odamga aniq axborot yetkazishi mumkin, biroq uning so‘z boyligini rivojlantirishga yordam berolmaydi. Surdo tarjimoni axborotni so‘zlar vositasida to‘laqonli taqdim etmaydi, balki imo-ishora tilida uzatadi va bunda har bir so‘z o‘zining “ishoraviy nomi"ga ega bo‘ladi.

Odatda, imo-ishora tili tarjimasi kar odamga leksik ifodalar emas, balki narsa va hodisalarning ishoraviy ma’nolari orqali yetkaziladi. Agar O‘zbekistondagi o‘rta statistik kar odamdan “sport majmuasi” so‘z birikmasi qanday yoziladi, deb so‘ralsa, u, katta ehtimol bilan, buni qo‘pol xatolar bilan yozib beradi, ba’zilari esa bu so‘z birikmasini qog‘ozga tushirishga ham qiynaladi. Agar ularga bu so‘z birikmasini to‘g‘ri yozishni bugun o‘rgatilsa, oradan ma’lum vaqt o‘tgach ular buni mutlaqo unutib yuborishi ham mumkin.

Kar va zaif eshituvchi insonlarning savodsizligi matnli axborotni olishdagi imkonsizligidan kelib chiqadi, buning oqibatida eshitishida nuqsoni bo‘lgan kishilar kam o‘qiydi va atamalarni xotirasida saqlab qololmaydi. Ularning ko‘pchiligi “ona”, “dada”, “non”, “pichoq”, “to‘p” va shu kabi yengil va qisqa so‘zlarni eslab qola biladi, xolos. Ular o‘z so‘z boyligini oshirishi uchun subtitrli TV-ko‘rsatuvlarni ko‘proq tomosha qilishi juda katta ahamiyatga ega. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarning so‘z boyligini to‘ldirishda aynan subtitrlar muhim rol o‘ynaydi.

Subtitrlar teleko‘rsatuvlarni tushunib olish uchun ularni ko‘proq o‘qishga undaydi va shu yo‘l bilan ko‘z xotirasini rivojlantirish orqali kar va zaif eshituvchilarning savodxonligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Aynan subtitrlarni muntazam o‘qish ortidan ularning so‘z zaxirasi asta-sekin yangi so‘zlar bilan boyib boradi va o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kundan-kunga oshadi. Yetarlicha so‘z boyligiga ega bo‘lgach, ular ijtimoiy tarmoqlardagi, elektron OAVdagi yangiliklarni ham mustaqil o‘qishga ega bo‘lishadi va, shubha yo‘qki, ularning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi ham ortadi.

“Sukunat olami"dagi ijtimoiy guruhlar

So‘nggi vaqtlarda “VKontakte”, “Odnoklassniki”, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish uchun turli guruhlar paydo bo‘lmoqda. Bunday ijtimoiy guruhlar “sukunat olami"dagi kar va zaif eshituvchi insonlar orasida ham ommalashmoqda. Bu kabi guruhlarga eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar tez-tez o‘z videolarini yuklab turadi va videorolik ostidagi muhokamalarda fikr almashadi.

Masalan, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida o‘zbekistonliklarning “UzGS — Uzbekistan глухих и слабослышащих” guruhi mavjud. MDH mamlakatlaridagi imo-ishora tili o‘xshash bo‘lgani bois, o‘zbekistonlik kar va zaif eshituvchilar MDH davlatlaridagi — 15 countries by the deaf world (Russian sign Language), Deaf Orwellian “Война и мир”, “Пусть говорят Deaf” kabi guruhlarda ham faol. Bu guruhlarda MDHning barcha mamlakatlaridan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar yig‘ilgan.

Agar kar va zaif eshituvchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlari o‘rganilsa, eshitishida nuqsoni bor insonlarning so‘z boyligi sustligi va savodi yomonligi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun xosligini anglash mumkin. Ular odatda jiddiy va orfografik xatolar bilan yozadi. To‘g‘ri, biz umumlashtirib, karlarning bari xatolar bilan yozadi, deya olmaymiz — ular orasida juda savodlilari ham bor.

Yozma nutqdagi savodsizlik ko‘proq tug‘ma kar odamlarga xos, chunki ularda avvalo o‘z ona tili — imo-ishora tili rivojlanadi. Aynan o‘qimay va mustaqil ravishda matnlar yozmay, har kuni imo-ishora tilida muloqot qilish so‘z boyligini rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ammo imo-ishora tili eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar va kattalarning ta’lim olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, degan xulosa chiqarish yaramaydi. Aksincha, u oila va do‘stlar davrasida to‘laqonli muloqot qilish imkoniyatini beradi. Ularga til va savodli yozma nutqni rivojlantirish uchun subtitr ko‘rinishidagi qo‘shimcha oqilona moslashtirish yetishmaydi, xolos.

Muloqotdagi to‘siqlarni yo‘q qiluvchi innovatsiyalar

YouTube’da filmlarni rus, ingliz va boshqa tillardagi subtitrlar bilan ko‘rish imkoniyati bor, biroq o‘zbek tilida yo‘q. Uning TAS-IX tarmog‘idagi milliy muqobili — Mover.uz internet-resursida ham subtitrlar imkoniyati mavjud emas. Google tarjimonida ovozni yozib olish va og‘zaki nutqni bir tildan boshqasiga o‘girish imkoniyati yaratilgan. Yaxshimi-yomonmi, Google tarjimoni o‘zbek tilidagi matnni jahonning 100 dan ortiq tillariga tarjima qilishni uddalay olyapti. Biroq o‘zbek tilidagi og‘zaki nutqni tarjima qilishni hali o‘rganganicha yo‘q, chunki o‘zbekcha nutqni aniqlash dasturi hozircha ishlab chiqilmagan.

Kar va zaif eshituvchi talabalar uchun mo‘ljallangan jahondagi yagona oliy ta’lim muassasasi — Gallodet universiteti (AQSH) Google kompaniyasi bilan hamkorlikda aynan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun “To‘g‘ridan-to‘g‘ri rasshifrovka” (Live Transcribe) nomli dastur ishlab chiqqan. 70 dan ortiq til va shevalarni qo‘llab-quvvatlaydigan ushbu dasturda nutqni avtomatik aniqlash bo‘yicha Google’ning yangi texnologiyalaridan foydalaniladi. Odam to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefonga gapirsa, qurilma ekranida nutqning matni rasshifrovka qilib beriladi. Ayni vaqtda kar suhbatdosh shu dasturning o‘zidagi klaviatura orqali matn terib, javob qaytarishi mumkin.

Mazkur dasturda o‘zbek tili hozircha qo‘llab-quvvatlanmaydi. O‘zbekiston Karlar jamiyati va boshqa tashkilotlar o‘zbekcha nutqni aniqlash texnologiyalarini ishlab chiqish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatayotgani yo‘q. Bunga moliyaviy mablag‘lar, shuningdek, bunday texnologiyalarni ishlab chiqish uchun malakali mutaxassislar yetishmovchiligi sabab bo‘lishi mumkin. Ushbu sohada davlat tomonidan zaruriy ko‘makning yo‘qligi ham yana bir omil bo‘lishi mumkin.

Amalda o‘zbekcha nutqni aniqlash funksiyasi eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarga atrofdagilarni kundalik turmushda to‘sqinliksiz tushunishga yordam bergan hamda karlar va eshituvchilar olami o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan bo‘lardi. Boz ustiga, imo-ishora tili tarjimonlari soni cheklangan bir sharoitda, ovozli nutqni avtomatik matnga aylantirish kar va zaif eshituvchilar uchun ta’lim jarayonini osonlashtirgan bo‘lur edi.

O‘zbekcha nutqni avtomatik aniqlash tizimi bizning TV-dasturlarimiz va ko‘rsatuvlarimizni harakatlanuvchi satr va subtitrlar bilan samarali ta’minlash uchun ham zarur. Axir nutqni qo‘lda rasshifrovka qilish va subtitrlarni TVga kiritish uchun juda ko‘p ish vaqti va, tabiiyki, moliyaviy resurslar sarflashga to‘g‘ri keladi. Bir soatlik efir uchun subtitrlar tayyorlashga kamida 12−15 soat vaqt kerak! Jonli efirdagi harakatlanuvchi satr esa umuman imkoni yo‘q narsadek ko‘rinadi.

Aynan real vaqt rejimida nutqni avtomatik aniqlash texnologiyalaridan foydalanish imkonsiz narsani ro‘yobga chiqarishga yordam beradi, vaqt va pulni tejaydi hamda, eng asosiysi — subtitrli ko‘rsatuvlar sonini oshiradi.

Bundan tashqari, avtomatik ravishda boshqa tillarga tarjima qilish imkoniyati bilan qorishtirilgan bunday texnologiya nafaqat karlar, balki xorijiy hamkorlar bilan muloqot qilish vaqtida kar bo‘lmaganlarga ham foydali bo‘lar edi. O‘zbekcha matnni avtomatik aniqlash texnologiyasi tadqiqotchilarga yoki hozirda ko‘p vaqtini respondenti bilan suhbatni rasshifrovka qilishga sarflayotgan O‘zbekistondagi jurnalistlarga ham qo‘l kelishi mumkin.

Kim aybdor va nima qilmoq kerak?

O‘zbekistondagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi kar va zaif eshituvchi bolalarni sifatli o‘qitish uchun malakali surdopedagoglar va imo-ishora tili tarjimonlarining o‘tkir yetishmovchiligi sezilmoqda. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar va kattalarning joriy savodsizligida mazkur muassalarning xodimlarini ayblash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Buning uchun javobgarlik, umuman olganda, butun jamiyatning zimmasida, chunki karlarning butun umri davomida ta’lim olish imkoniyatlari juda cheklangan.

O‘zbekiston telekanallarining ayrim yangiliklar dasturlarida imo-ishora tilida tarjima berilishi yana paydo bo‘ldi, biroq bu eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarni axborot bilan ta’minlash uchun yetarli emas. Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, teledasturlari subtitrlar bilan ko‘rsatiladigan mamlakatlarda kar va zaif eshituvchi insonlarning savodxonligi ancha yuqori.

Subtitrli mahalliy telekanallar — bu kar va zaif eshituvchi teletomoshabinlar uchun juda ahamiyatli oqilona moslashtirishdir. Afsuski, O‘zbekistonda shunday imkoniyatli biror telekanal hali ham yo‘q, bu esa kar va zaif eshituvchi teletomoshabinlarning axborotni to‘liq olish yo‘lidagi huquqlarining buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

2017 yil holatiga ko‘ra, mamlakatda rasman 22253 nafar kar va zaif eshituvchi inson ro‘yxatga olingan. “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun barcha tashkilotlar zimmasiga aloqa va axborot vositalaridan to‘sqinliksiz foydalanish sharoitlarini yaratish mas’uliyatini yuklaydi. O‘zbekiston tomonidan 2009 yilda imzolangan va hali ham ratifikatsiya qilinmagan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ham konvensiyaga a’zo mamlakatlardan axborotdan va yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, internetdan teng foydalanishni ta’minlash uchun tegishli choralar ko‘rishni talab qiladi.

Eshitishda nuqsoni bo‘lgan insonlar ta’limi va xabardorligining past saviyada ekanligi ularning munosib ishga joylashish va kelgusida jamiyatning faol a’zolari bo‘lish imkoniyatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu yil “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanishi yili” deb ataldi. O‘z-o‘zidan, biz ushbu ijtimoiy muammoni ham e’tiborsiz qoldirmasligimiz zarur.

Ta’limga kiritilgan investitsiya, gap ayniqsa aholining ijtimoiy zaif qatlamlari haqida ketayotgan bo‘lsa, davlatning eng muhim investitsiyalari sanaladi.

Kar va zaif eshituvchi insonlarni axborotdan teng foydalanish va uzluksiz ta’lim olish imkoniyatlari bilan ta’minlash uchun o‘zbek tilini avtomatik aniqlash texnologiyalarini ishlab chiqishga investitsiya kiritgan holda, TV-kanallarda harakatlanuvchi satr funksiyasini rivojlantirish zarur. Buning uchun O‘zbekiston Karlar jamiyati faoliyatini jonlantirish va jarayonga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligini jalb etish kerak. Buni muvaffaqiyatli amalga oshirgan xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish va chet ellik donorlarning qo‘shimcha moliyaviy ko‘magidan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan nafaqat eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar, balki butun jamiyat yutadi. Axir tashqarida XXI asr!

Maqolada bildirilgan fikrlar tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin.

Ma’mur Ahliddinov — O‘zbekiston Karlar jamiyatining O‘zbekistondagi kar va zaif eshituvchi insonlar uchun ta’lim, fan, sport va madaniyat mavzularini yoritib boruvchi blogi muallifi, “Maktabgacha ta’lim metodikasi va nazariyasi” jurnali tahririyati bosh dizayneri.

Dilmurad Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya)ning Rivojlanish muammolarini tadqiq etish instituti doktoranti, “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a’zosi, “Gazeta.uz” kolumnisti.