O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning taklifiga binoan joriy yil 24−27-aprel kunlari “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Xitoyda bo‘ladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Forum ishida 40 dan ziyod xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Anjuman kun tartibidan mintaqadagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, uzoq muddatli taraqqiyotning yangi manbalarini izlab topish borasidagi sheriklikni faollashtirish, “yashil” iqtisodiyot va innovatsiyalarni ilgari surish, ustuvor infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXR raisi Si Szinpin va Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi Li Chjanshu bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

Prezident forumda ishtirok etadigan xorijiy davlatlar delegatsiyalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.