20 aprel kuni Qozog‘istonning Jambil viloyatida yo‘lovchi avtobusi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida hayotdan ko‘z yumgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadlari O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning Olma Otadagi bosh konsulxonasi ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

Halok bo‘lganlar — O‘rinboy Abduholiqov, Alisher Kalmuratov va Dilorom Yermekbayeva. Vafot etganlarning jasadlari shaxsi aniqlashtirilib, «Jibek Joli» — «G‘ishtko‘prik» nazorat-o‘tkazish punktlari orqali Vatanga yetkazildi, so‘ngra FVV va IIV vakillari hamrohligida yaqinlariga topshirish uchun Toshkent viloyatining Ohangaron va Quyichirchiq tumanlariga jo‘natildi.

Mahalliy hokimiyat organlari halok bo‘lganlarning oilalariga dafn marosimlarini o‘tkazishda yordam ko‘rsatmoqda, deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq YTH natijasida jarohat olganlar O‘zbekistonga olib kelingan edi.

Eslatib o‘tamiz, 49 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan reys avtobusi ishtirokidagi YTH natijasida 11 kishi, jumladan 3 nafar O‘zbekiston va 8 nafar Qozog‘iston fuqarosi hayotdan ko‘z yumdi, 30 kishi jarohatlandi.