Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona posti xodimlari jangovar o‘qning noqonuniy olib o‘tilishiga o‘z vaqtida chek qo‘yishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Toshkent — Moskva» yo‘nalishi bo‘ylab uchib ketayotgan fuqaro K.M. ning bagaji skaner vositasida tekshiruvdan o‘tkazilganda uning ichidagi kichik, deyarli ko‘z ilg‘amaydigan buyum xodimlar diqqatini tortdi. So‘ngra bagaj xolislar ishtirokida ko‘zdan tekshirilganda uning ichidan bir dona 7.62 mm li jangovar o‘q borligi aniqlandi.

Fuqaroning so‘zlariga qaraganda ushbu o‘qni u esdalik sifatida olib ketmoqchi bo‘lgan ekan. Ammo, qonunchilikda bu kabi harakatlar taqiqlangan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.