O‘zbekiston prezidenti hamda davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgan Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart Toqayev 15 aprel kuni tor va kengaytirilgan tarkibda uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining xabar qildi.

«Qozog‘iston Respublikasi prezidenti sifatida ilk davlat tashrifingizni O‘zbekistonga amalga oshirganingizni yuqori baholaymiz. Buni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qat’iy intilish ifodasi deb bilamiz. Qozog‘iston biz uchun yaqin qo‘shni, strategik sherik. Hamkorligimizning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ijobiy dinamikaga erishilayotganidan mamnunmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.


Qozog‘iston prezidenti O‘zbekistonga taklif uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, muzokaralar samarali o‘tishiga ishonishini qayd etdi.

«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik sifati va amaliy mazmuni haqidagi gaplaringizga to‘la qo‘shilaman. Siz, hurmatli Shavkat Miromonovich, va Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev davlatlararo munosabatlarni yuqori bosqichga olib chiqdingiz. Bu sur’atni saqlab qolishni o‘zimning asosiy vazifam deb bilaman. Qozog‘istonda qardosh O‘zbekiston bilan aloqalarga talab juda katta», — dedi Qosim-Jomart Toqayev.

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. Unda ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiyalar a’zolari ishtirok etdi.


Tomonlar 2018−2019 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi Iqtisodiy hamkorlik strategiyasining izchil amalga oshirilishi mamlakatlarimiz strategik maqsadlarining mushtarakligiga asoslangan o‘zaro manfaatli va samarali iqtisodiy sheriklikni kengaytirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Keyingi ikki yilda ushbu sohadagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Hududlar va ishbilarmonlar o‘rtasidagi rishtalar faollashdi. Natijada savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. 2018 yil bu borada jadal yuksalish davri bo‘ldi. Tovar ayirboshlash hajmi qariyb 50 foizga o‘sib, 3 milliard dollardan oshdi.

Tomonlar, avval kelishilganidek, yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazishga intilishini tasdiqladi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaga savdo aloqalari nomenklaturasini kengaytirish, iqtisodiy hamkorlikning yangi uzoq muddatli shakllarini topish va rivojlantirish vazifasi qo‘yildi.

Bu o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga, savdo, investitsiyalar, logistika sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, integratsiyalashgan sanoat texnoparklari, ilmiy-innovatsion klasterlar va erkin iqtisodiy zonalar tashkil etishga xizmat qiladi.

Tomonlar 2018 yil noyabr oyida Chimkent shahrida o‘tgan birinchi O‘zbekiston-Qozog‘iston hududlararo hamkorlik forumi hamda 2019 yil martda Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining birinchi mintaqaviy iqtisodiy forumi yakunlarini ijobiy baholadi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish, shuningdek, o‘tkazish punktlarining samarali faoliyatini ta’minlash jarayoni muvaffaqiyatli davom etayotgani, bu ikki mamlakat chegaradosh hududlari aholisining turmush sharoitlarini salmoqli darajada yaxshilash, transchegaraviy iqtisodiy aloqalar va gumanitar almashinuvlarni jonlashtirish, fuqarolarning o‘zaro tashriflarini faollashtirishga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Muzokaralarda transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish mamlakatlarimizning eksport salohiyati va tranzit imkoniyatlarini kengaytirishi qayd etildi.

Turizm, madaniyat, fan va ta’lim yo‘nalishlaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. O‘tgan yili Qozog‘istonda O‘zbekiston yili keng miqyosda o‘tkazilgani, uning doirasidagi tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlarini yanada mustahkamlagani ta’kidlandi. Mazkur ulkan madaniy voqeaning mantiqiy davomi sifatida bu yil O‘zbekistonda Qozog‘iston yili bo‘ladi va u Qozog‘iston Prezidentining ushbu davlat tashrifi doirasida ochiladi.