O‘zbekistonda yoshlar jinoyatchiligi kamaymoqda. 2019 yil birinchi choragida yuz bergan jinoyatlar 1 ming 963 tani tashkil etdi. 2018 yilning shu davri bilan taqqoslaganda, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 39,5 foiz, ya’ni 1 ming 282 taga kamaygan. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xodimi Mirzo Ulug‘bek Madalimovning maqolasida ma’lumot berilgan.

Ichki ishlar organlari xodimlari yoshlar bilan ishlashni yanada yaxshilash maqsadida nodavlat va jamoatchilik tashkilotlari, ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari hamda mahalla faollari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Ta’lim muassasalarini tamomlab, ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelgan yoshlarni ish o‘rni bilan ta’minlash maqsadida shahar markazlari, mahallalarda mehnat yarmarkalari tashkil etilmoqda.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining bergan rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil birinchi choragida respublika bo‘ylab jami 414 bo‘sh ish o‘rni yarmarkasi tashkil etilgan. Ularda 31 ming 673 nafar yosh ishtirok etdi. Ulardan 8 mingga yaqini o‘zi qiziqish bildirgan sohalar bo‘yicha ishga joylashgan. Yana 9 mingga yaqini ishga joylashish uchun yo‘llanma olgan. 19,5 ming nafariga esa kerakli maslahatlar berilgan.