Eron Islom Respublikasining «POOYA POLYMER TEHRAN» kompaniyasi Qashqadaryo iqtisodiyotiga sarmoya kiritish istagini bildirdi. Bu haqda «Qashqadaryo» gazetasining sayti orqali xabar berildi.

Xomashyo yaqinligi sabab chet ellik investor o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun G‘uzor tumanini har tomonlama maqbul deb topgan. Bu haqda ushbu tuman hokimligi investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Azamat Avazov ma’lum qildi.

Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya direktori Kamron G‘aniy boshchiligidagi delegatsiya yaqinda mazkur hududga ishchi tashrif bilan kelgan. Xorijlik ishbilarmon tuman hokimi bilan uchrashib, o‘zaro manfaatli muzokaralar olib borilgan. Muloqot davomida mehmonlarga tumanning investitsiyaviy salohiyati, biznes yuritish uchun imkoniyatlar tanishtirilgan. Shundan so‘ng istiqbolli takliflar o‘rganilgan, natijada Eron kompaniyasi vakillari kelgusida hamkorlik qilishga xohish bildirgan.

Bu kompaniya polimer mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib keladi. Ushbu sub’ekt tasarrufidagi mavjud quvvatlar yiliga 80 ming tonnagacha tayyor sanoat tovarlari ishlab chiqarish imkoniga ega. Bugungi kunda kompaniya mahsulotlari Turkiya, Kanada, Koreya, Germaniya va Shveysariya singari mamlakatlarga eksport qilinadi.

Qayd etilishicha, tomonlar shu yilning iyun oyida G‘uzor tumanida xorijiy korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga kelishib olishgan. Avvaliga ushbu sub’ekt tomonidan tomchilatib sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan. Zarur xomashyoning 30 foizdan ko‘p qismi shu yerning o‘zidan olinsa, qolgani Erondan keltiriladi. Qiymati 2 million AQSH dollari atrofida baholanayotgan loyiha ilk bosqichi ishga tushsa, 20 nafar kishi ish o‘rni bilan ta’minlanadi.

Tashrif mobaynida investorlar viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev qabulida ham bo‘lishgan.