Maktabni bitirish arafasidagi yigit-qiz borki, kelajakda kim bo‘lsam ekan, deb boshini qotiradi. Faqat yoshlar emas, ularning ota-onalari, qarindosh-urug‘lari, ustoz-o‘qituvchilari, do‘stu yorlari ham bu masala o‘ylantiradi. Axir kasb insonning kelajagi, uning taqdirini belgilaydi, boringki u butun umrini qay darajada baxtiyor o‘tkazishi ham qaysidir ma’noda kasbi koriga bog‘liq.

Vaqti-vaqti bilan jamiyat uchun eng zarur, eng ko‘p maosh beriladigan, eng mavqesi baland kasblar ro‘yxatlari ham e’lon qilinadiki, tanlov oldida turgan yoshlardan shulardan birortasini tanlab qo‘ya qolsammikan, deb xam o‘ylab qolishi ajab emas. Ammo bugungi maqolamiz bilan yoshlarga aytar gapimiz quyidagicha: o‘zingiz istagan, yoqtirgan, orzu qilgan kasbingizni tanlang! Nega deysizmi? Chunki odam o‘zi yaxshi ko‘rgan, iqtidori ko‘proq bo‘lgan kasbu korini tanlasagina muvaffaqiyatga erishadi-da. Muhimi, qanday kasb tanlamang, shu kasbning haqiqiy ustasi bo‘ling! Negaki, aslida gap qanday kasbni tanlashda emas, balki shu kasbni qay darajada mukammal egallashdadir.

Kasbni mukammal egallash deganda esa sohaning ma’lum yo‘nalishini tanlab, uni chuqur o‘rganish, tadqiq etish tushuniladi. Tadqiqotlar qilgan odam esa OLIM bo‘ladi!

Yurtimizda aynan olimlar yetishmasligini bilasizmi? Germaniyaning Federal statistika idora saytidagi ma’lumotlarga qaraganda 2015 yili har 1 000 000 kishiga olimlar soni O‘zbekistonda — 515 nafarni, Qozog‘istonda — 734, Xitoyda — 1177, Malayziyada — 2261, BAA -2003, Rossiyada — 3131, Fransiyada — 4169, Germaniyada — 4431, Italiyada — 2018, Ukrainada — 1006, Angliyada — 4055, AQSHda — 4232 nafarni tashkil etgan.

Ko‘rib turganingizdek, yurtimizdagi ilm-fan bilan shug‘ullanadigan kishilar soni nafaqat rivojlangan, balki rivojlanayotgan davlatlardan ham anchayin past. Demak, bugun shu bo‘shliqni to‘ldirish vaqti keldi. Buning uchun esa yoshlikdan harakat qilish talab etiladi, xolos.

Aslida, uzoq yillardan beri o‘quvchilarning, talabalarning ilm-fanga qiziqishlari yo‘qligining sabablari ko‘p. Odamlarda olimlar juda ko‘p mehnat evaziga, arzimagan oylik oladi degan tasavvur paydo bo‘lgan. Vaholanki, ma’lum sohani chuqur o‘rganish, shu sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishish shu kasb egasi oldida katta eshiklarning ochilishiga xizmat qiladi. Yanada dangalroq gapiradigan bo‘lsak, ko‘p o‘qish, bilim olish farovon hayot kechirish uchun zamin yaratadi. Baxt, chiroyli uy, ya’ni mashina, to‘kin-sochinlik bilan belgilanmaydi, demaymiz. Albatta, belgilanadi. Olimlar esa nafaqat bu narsalarga erishishlari mumkin, balki boshqalarning ham yanada baxtli, qulay hayot kechirishlariga xizmat qiladilar. Ular qilgan ixtirolar, texnologiyalar, innovatsiyalar o‘zlariga ham, yurtga ham foyda keltiradilar.

Yana bitta ma’lumot: shu yildan boshlab O‘zbekistonda olimlarning tadqiqotlari uchun har bir loyihaga yiliga 300 million so‘mdan bir milliard so‘mgacha (!) bo‘lgan mablag‘lar grant sifatida taqdim etilmoqda. Grantlarni uchragan tadqiqotchiga tutqazib qo‘yilmasligi tayin. Buning uchun olimlar o‘z loyihalari bilan tanlovda ishtirok etishlari talab etiladi. Iqtisodiyotga foyda keltiradigan, jamiyatimizning rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadigan, bugungi muammolarning yechilishiga ko‘mak beradigan mavzular bo‘yicha ilmiy ishlar moliyalashtirilmoqda. Bugungi talabalar ertaga, yosh tadqiqotchilar esa mana bugun ham shunday grantlarni yutib olib, yurtimiz koriga yaraydigan ixtirolari bilan nom chiqarishlari bugungi kun haqiqatidir!

Gap shundaki, yoshlar ilm-fan bilan shug‘ullanish istagini bildirishlari zahoti, bu yo‘lning mushkulotlari haqida bahs boshlanib ketadi, hali bu yo‘lga qadab qo‘yib ulgurmagan yoshga uning qiyinchiliklari haqida gapiriladi: olimning ish topishi qiyin, maoshi kam, ilmiy maqolasini chop etish uchun mablag‘ kerak, grantlarga ariza yozish uchun barcha ishlarni tashlab qo‘yish kerak, grant olish esa davlat mukofotini olishdan-da mushkul va hokazo. Bunday holatlar bo‘lishi mumkin. Ammo bu tanganing bir tomoni xolos. Ilm-fan bilan shug‘ullanishning ijobiy jihatlari tasavvuringizni butkul o‘zgarishi aniq.

Ilmiy xodim hamisha izlanishda, hatto ikkilanishda bo‘lishi, ayrim hollarda undan omad yuz o‘girishi ham mumkin (har qanday kasb egasida bo‘lganidek), ammo bu tushkunlikka tushish uchun asos bo‘la olmaydi. Olim bo‘lishning ijobiy jihatlari haqida gapirishdan oldin, shunchaki ayrim masalalarga aniqlik kiritib olishimiz kerak bo‘ladi.

Avvalo, olimlik — og‘ir mehnat, uni hamma ham eplayvermasligi aniq. Yuqori martabaga erishish, katta lavozimlarni egallashning turli usullari bor ekan, qanday tanlov qilish sizning ixtiyoringizda.

Ikkinchidan, tadqiqot qilayotgan sohangizni yaxshi ko‘rishingiz kerak. Negaki, omadsizliklarga duch kelganingizda aynan, shu sohaga bo‘lgan muhringiz, qiziqishingiz to‘siqlarni yengib o‘tishingizga yordam beradi.

Uchinchidan, olimlarning ishlari faqatgina muvaffaqiyat, olqishlardan iborat emas. Olim 95 foiz vaqtini bir zayildagi, bir qarashda zerikarli yumushlarni bajarishga sarflaydi. Faqat ishining oxiridagina qandaydir kichikroq ixtiro qilishga erishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 1500 mingdan ziyod 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar turli xil ixtirolari uchun patentlar olgan. Bu ko‘rsatkich faqatgina O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalari miqyosidagi statistik ma’lumotlar bo‘lib, aslida yosh ixtirochilarimizning soni bundan-da ko‘pligi quvontiradi. Aynan shunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2019 yildan boshlab, yosh olimlar, talabalar, umuman tashabbuskor fuqarolar «Innovatsion g‘oyalar yetakchisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadilar. Joriy yilning 1 aprelidan 30 aprelgacha ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’ektlari taqdim etayotgan dastlabki takliflar tuman va shahar hokimliklarida tuzilgan komissiyalar tomonidan qabul qilinmoqda. Tadqiqotlar bilan, tadqiqotlarni amalga tatbiq qilish bilan shug‘ullanayotgan yoshlarning e’tirof etilishi yurtimizda ilm-fan bilan shug‘ullanish qay darajada nufuzli ekanini anglatadi.

Olim bo‘lishning afzalliklarini sanab o‘tishdan avval yana bir yurtimizga xos bir jihatni aytib o‘tish o‘rinlidir. Gap shundaki, ayni paytda O‘zbekistondagi olimlar, professorlarning yoshini tahlil qiladigan bo‘lsak, 60 yoshdan katta hurmatli professorlar, akademiklar ko‘pchilikni tashkil etadi, keyin o‘rtada bo‘shliq paydo bo‘lgan bo‘lib, o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan salohiyatli, lekin boy tajribaga ega bo‘lmagan tadqiqotchilar avlodi paydo bo‘lgan. Aynan mana shu o‘sib kelayotgan ilm-fanga chanqoq yigit-qizlar o‘z ustilarida ishlashdan charchamasalar, tanlagan yo‘llaridan toymay olg‘a harakat qilsalar vatanimizdan Buxoriy, al-Xorazmiylar, Ibn Sino, Ulug‘bek, Farobiy kabi jahon ilm-fan sahnasining yorqin yulduzlari chiqishi muqarrar.

Demak, qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan, kurashishga tayyor, g‘ayrati jo‘shib turgan yoshlarga olim bo‘lishning afzalliklarini bayon etamiz:

1. Erkinlik. Olimlar tadqiqot mavzularini erkin tanlash imkoniyatiga egalar, o‘z yo‘nalishlarini o‘zlari tanlaydilar. O‘z tadqiqotini istagan tomonga yo‘naltirish ijodiy ko‘tarinkilik baxsh etishi bilan qatorda, har qanday erkinlik ham tashabbuskorlikni, chuqur fikrlashni va qarorlar qabul qila bilib, shu qarorlarga mas’ul bo‘lishni talab etadi. Shu bilan bir qatorda olimlar, baribir, boshqa ijodiy kasb egalari, deylik, rassomlar, yozuvchilardan farqli ravishda grantlar beriladigan mavzular ichidan istaganlarini tanlab, unda g‘olib bo‘lishlari va shu o‘zlariga yoqqan mavzu ustida ishlaganlari uchun maosh olishlari mumkin.

2. Yuqori mansablarni egallash. Sir emas, bugungi kunda fan nomzodi va doktorlariga ish ko‘p. Olimlar, masalan, ham tadqiqot ishlari bilan, ham ta’lim berish bilan shug‘ullanishlari mumkin.Katta maosh to‘laydigan yirik kompaniyalarda, davlat muassasalarida ham ilmiy darajangiz bo‘lsa, boshqa nomzodlar ichida yutib chiqish imkoniyatingiz bir necha baravarga oshadi.

3. Kashfiyotlar ichida yashash. Atrofimizdagi borliqning yangi qirralarini kashf qilish saodati sizga nasib etadi. Ilmiy kashfiyotlarga aloqador bo‘lish qanchalik zo‘r! Buni ortidan tajriba orttirasiz, jarayonning o‘zidan maftun bo‘lasiz. Ko‘plab ilmiy maqolalar o‘qiysiz, turli xil konferensiyalarda ishtirok etasiz, buyuk olimlarning ma’ruzalarini tinglaysiz. Demak ham ishlab, ham boshqalarning ishlaridan ilhomlanasiz.

4. Xalqaro ilmiy jamoatchilik a’zosi bo‘lish. Olimning qayerda ishlashi ahamiyatga ega emas. Deylik Toshkentda istiqomat qila turib, deylik, Yevropa mamlakatlarining ilmiy muassasasi bilan hamkorlik qilish mumkin. Olimlar millati va irqidan qat’iy nazar, doimiy ravishda tajriba almashganlari, yangiliklarga o‘ch bo‘lganlari bois ularni birlashtiruvchi omillar bisyor. Olimlar qandaydir rasmiy tashkilotlar orqali emas, ko‘ngil mushtarakligidan kelib chiqadi. Olimlarning mehnati dunyoni birlashtiradi, aholi hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

5. Safarlar. Mamlakat ichidagi va xoridagi seminarlarga, o‘quv kurslariga, malaka oshirishga borish, shu bilan bir qatorda dunyo kezish qanday maroqli! Safarlarda mashhur olimlar bilan uchrashasiz, hamkasblar va talabalar bilan tanishasiz, yangi do‘stlar orttirasiz.Hamkorlik imkoniyatlari paydo bo‘ladi, yangi loyihalar va g‘oyalar bilan boyiysiz, g‘ayratingiz jo‘shib, ilmiy ishingizga yangi shijoat bilan kirishasiz. Qisqa muddatli seminarlardan tashqari bir necha oylik yoki yillik malaka oshirish kurslarida ishtirok etib, chet tilini mukammal o‘rganish, o‘sha mamlakat aholisining yashash tarzi bilan tanishish,tadqiq qilishning yangi uslublarini o‘zlashtirish imkoniyatidan foydalanasiz.

Xulosa o‘rnida esa olimlar nafaqaga chiqmaydilar. Nafaqa yoshiga yetganlarida ham ular o‘zlarini jamiyat uchun kerakli insonlar deb hisoblaydilar. Bugungi maqola auditoriyasiga, balki, nafaqa to‘g‘risida o‘ylash erish tuyulsa-da, buni ham so‘ngso‘z o‘rnida eslatib o‘tishni joiz topdik. Zero, yoshlikda olingan, bilim toshga o‘yilgan naqshdek.

Nazokat Azim

«Yoshlar media markazi» NNTning kichik grantlar tanlovi asosida tayyorlandi.