Bir necha kun avval Xalqaro dzyudo federatsiyasi o‘z taqvim rejasiga o‘zgartirish kiritgani va unga muvofiq «Katta dubulg‘a» turnirlari orasiga Brazilia turniri ham qo‘shildi. Shu munosabat bilan jahon chempionatidan so‘ng o‘tadigan ayrim musobaqalar taqvimida yana kichik o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Ular orasida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan gran-prining ham sanasi o‘zgardi. Xalqaro tashkilotning yil boshida ma’lum qilgan taqvimiga ko‘ra, musobaqa noyabr oyida o‘tishi belgilangan edi. Biroq so‘nggi yangilangan taqvimga ko‘ra, Toshkent mezbonligida kechadigan bahslar 20−22 sentyabr kunlariga o‘zgartirildi.

Shu tariqa Toshkent gran-prisi jahon chempionatidan so‘ng o‘tadigan dastlabki yirik turnir sifatida belgilanmoqda. Unda kelasi yil bo‘lib o‘tadigan Tokio olimpiadasiga reyting ochkolari o‘ynaladi.

Eslatib o‘tamiz, gran-pri musobaqasida shohsupaga ko‘tarilgan dzyudochilar o‘rinlariga qarab mos ravishda 700−490−350 reyting ochkolariga ega bo‘lishadi.